Kirish
So'nggi yangilanish: 17.08.2018

Dunyodagi yadro qurollari zaxirasiga doir hisobot e`lon qilindi

  • Bo'lim: DUNYO

Stoholm Tinchlik muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti (SIPRI) jahon yadro arsenallariga doir hisobotini e`lon qildi. Unda ta`kidlanishicha, garchi dunyodagi yadro qurollarining umumiy soni qisqarayotgan bo’lsa-da, yadroviy davlatlar mazkur qurollarni modernizatsiya qilish bilan shug’ullanmoqda va yaqin kelajakda qurollardan voz kecha olmaydi.

Joriy 2017 yil boshiga kelib, AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va KXDR – taxminan 4,15 ming operativ shay holatdagi yadro quroliga ega. Jangovar kallaklarning jami soni 14 935tani tashkil etadi. 2016 yilda bu raqam 15 395 donadan iborat bo’lgan.

Umuman, jahon yadro qurollari soni qisqarishi AQSh va Rossiya tufayli amalga oshmoqda. Shu bilan birga, ayni shu ikki davlat hissasiga mazkur qurollar zaxirasining 93 foizi to’g’ri keladi.

Biroq, hisobotda qayd etilishicha, 2011 yili kuchga kirgan Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo’yicha shartnomaga muvofiq, ushbu yo’nalishdagi ishlar davom etayotganiga qaramay, uning sur`atlari juda sekinligicha qolmoqda. Shu bilan bir vaqtda AQSh ham, Rossiya ham o’zlarining yadro zaxiralarini modernizatsiya qilish bo’yicha keng qamrovli va qimmat turuvchi dasturni amalga oshirmoqda.

Jumladan, AQSh 2017-2026 yillarda shu maqsadlar uchun 400 mlrd dollar mablag’ sarflashni rejalashtirmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko’ra, yaqin 30 yilda bu raqam 1 trln dollarga yetishi mumkin.

Hisobotda aytilishicha, AQSh 6,8 ming jangovar kallakka ega (shundan, 1,8 ming – jangovar safda, 2,2 mingtasi - omborxonada), Rossiya hisobida 7 ming (tegishli ravishda 1,95 ming va 2,35 ming), Buyuk Britaniya - 215 (120 va 95), Fransiya - 300 (280 va 10), Xitoy - 270 (barchasi zaxirada), Hindiston - 100-130 (zaxirada), Pokiston - 100-140 (zaxirada), Isroil - 80 (zaxirada), KXDRda taxminan - 10-20 (ma`lumotlar ochiq manbalarda tasdiqlanmagan).

Jangovar safdagi kallaklar deyilganida raketalarga joylangan yoki operativ kuchlar bazalarida saqlanadigan yadroviy qurollar nazarda tutiladi.

SIPRI Xitoy, Hindiston, Pokiston va KXDR dasturlari hamda rejalariga doir ma`lumotlarni ham taqdim etgan. Unda aytilishicha, kamroq kallaklarga ega davlatlar jangovar kallaklarni yetkazish qurollariga joylashni boshlagan yoki shunday maqsadlari mavjudligini e`lon qilishgan.

Xususan, Xitoy yadro arsenalini sifatli takomillashtirish bo’yicha modernizatsiya dasturini ishga tushirgan. Hindiston va Pokiston o’z yadro zaxiralarini ko’paytirmoqda va raketa tizimlarini rivojlantirish bo’yicha faol ish olib bormoqda.

KXDR esa, 10-20ta jangovar yadro kallagini ishlab chiqarishga yetarli bo’lgan yoqilg’isiga ega. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya 2016 yili turli natijalarga olib kelgan qator sinovlarni o’tkazdi.

Manba: kun.uz