Kirish
So'nggi yangilanish: 17.11.2018

Dunyoda qancha odam to’yib ovqatlanmaslikdan azob chekmoqda?

  • Bo'lim: DUNYO

Dunyoda to’yib ovqatlanmaslikdan azob chekayotgan insonlar soni 815 millionga etdi. Bu haqda BMTning "Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish ishlarining holati to’g’risida"gi hisobotida qayd etilgan.

Ocharchilik so’nggi 10 yil davomida kamayib borgan edi. Lekin bugungi kunda turli harbiy to’qnashuvlar va iqlim o’zgarishi tufayli ocharchilik holatlari ortib bormoqda.

Bu haqida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti, Butunjahon oziq-ovqat dasturi, qishloq xo’jaligini rivojlantirish halqaro jamg’armasi, Butunjahon sog’liqni saqlash va Bolalalar jamg’armasi tomonidan katta hisobot tayyorlandi.

Hisobotda 2030 yilga ocharchilikni bartaraf etish bo’yicha BMTning rejalari o’rin olgan.

Hisobotga ko’ra, bolalar orasida to’yib ovqatlanmaslik holatlari kamaygan. Dunyo miqyosida 2005 yilda rivojlanish bo’yicha ortda qolayotgan bolalar soni 29 foizdan 22,9 foizga kamaygan.

2016 yilda dunyoda har to’rtinchi bola rivojlanishda ortda qolayotgan edi — bular 155 million nafar bolalardir. Afrikada, Janubiy Osiyo va Okeaniya (Avstraliya va Yangi Zelandiyadan tashqari) har uchinchi bola rivojlanishdan ortda qolmoqda. 52 million bola yoki 8 foiz bolalarga keskin darajadagi oriqlab ketish tahdid solmoqda.

Shu bilan bir vaqtda besh yoshgacha bo’lgan bolalar ortiqcha vazndan azob chekmoqda. 2016 yilda 41 million (6 foiz) nafar shunday bolalar qayd etilgan. 2005 yilda bu ko’rsatkich atigi 5 foiz bo’lgan.

2014 yilda semirishdan 600 million kishi azob chekkan. Bu ko’rsatkich qit'alar bo’yicha farq qiladi: Shimoliy Amerika, evropa va Okeaniyada katta yoshdagi aholining 28 foizi ortiqcha vazndan qiynalib kelmoqda. Osiyoda esa bu ko’rsatkich atigi 7 foizni, Afrikada 11 foizni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, anemiya kasalligi tarqalishi hamda erkak va ayollardagi semirish holatlari ham BMT mutaxassislarini tashvishga solmoqda. BMT hisobotida qayd etilishicha, harbiy to’qnashuvlar va iqlim o’zgarishlaridan ko’ra, odamlarning ovqatlanish tartibi, ko’proq o’tirgan holda hayot kechirish va iqtisodiy ahvolning yomonlashuvi ko’proq salbiy ta'sir qilishi e'tirof etilgan.

Manba: sof.uz