Kirish
So'nggi yangilanish: 19.08.2018

Dunyo g’azabda: Facebook 50 million odamning shaxsiy ma'lumotlarini o’g’irlanganini tan oldi

  • Bo'lim: DUNYO

Facebook 50 million foydalanuvchisining shaxsiy ma'lumotlarini asray olmagani oshkor etilgani ortidan yuzaga kelgan janjal oqibatida ijtimoiy tarmoq 60 milliard dollar zarar ko’rdi deb xabar beradi sof.uz.

Cambridge Analytica 50 million odamning ma'lumotlaridan noqonuniy foydalangan.

Facebook asoschisi va rahbari Mark Sukerberg Britaniyaning Cambridge Analytica shirkati tomonidan ijtimoiy tarmoqning 50 million foydalanuvchisi shaxsiy ma'lumotlari noqonuniy yig’ilgani yuzasidan bayonot berdi. U o’z bayonotida Facebook o’z foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlari sir saqlanishi uchun mas'ul ekanini tan oldi.

Joriy hafta boshida Cambridge Analytica shirkatining sobiq xodimi Kris Uayli Donald Tramp tomonidan 2016 yilda AQSh prezidentlik saylovida targ’ibot uchun yollangan Cambridge Analytica 50 million nafar Facebook foydalanuvchisining shaxsiy ma'lumotlarini noqonuniy qo’lga kiritgani va foydalanganini matbuotda aytib chiqqan edi.

Facebook Kris Uaylining bu bayonotiga javob tariqasida ma'lumotlar 2016 yilda Kembrij universiteti professori Aleksandr Kogan tomonidan yig’ilganini bildirdi.

Kogan psixologik test tuzib, Facebook ruxsati bilan uni tarmoqqa joylashtirilgan. Testdan o’tishni istagan har bir odam har bir odam o’zi va do’stlari to’g’risidagi ma'lumotlardan foydalanishga rozilik berishi lozim bo’lgan.

Kogan “aybsiz aybdor” qilinayotganini bildirdi.

Facebook Aleksandr Kogan keyinroq bu ma'lumotlarni Cambridge Analytica shirkatiga noqonuniy ravishda bergan, deb aytmoqda. Biroq Kogan Facebook va Cambridge Analytica shirkatlari uni “aybsiz aybdor” qilayotganlarini bildirdi.

“Facebook ham, Cambridge Analytica ham meni aybsiz aybdor qilmoqda. O’sha paytda men qonundan tashqari bo’lmagan odatiy bir ishni qilayapman, deb o’ylaganman. Men Cambridge Analytica hamma ishni qonun doirasida va xizmat ko’rsatish shartnomasi asosida bajarayapti deb ishongaman”, dedi Kogan 21 mart kuni Bi-Bi-Siga bergan intervyusida.

Britaniya hukumati surishtiruv boshladi.

Bu masalada surishtiruv o’tkazgan jurnalistlar Cambridge Analytica bosh direktori Aleksandr Niks tor doirada uning shirkati Donald Tramp g’alabasida eng asosiy rolni o’ynagani to’g’risida gapirganinin yashirin ravishda yozib olganlar.

Bu yozuv e'lon qilingach, 20 mart kuni Aleksandr Niks o’z vazifasidan bo’shatildi. Biroq shirkat “Niks bayonoti hech qanday ahamiyatga molik bo’lmagan quruq so’z” qabilida xabar tarqatdi.

Britaniya hukumati Cambridge Analytica shirkatiga nisbatan tergovni boshlaganini 21 mart kuni bosh vazir Tereza Mey parlamentda qilgan chiqishida bildirdi.

-Aytishim mumkinki hukumat Cambridge Analytica bilan hozir hech qanday shartnomalarga ega emas. Axborot masalalari bo’yicha maxsus vakil olib borayotgan surishtiruvni qo’llab-quvvatlayman, chunki odamlar ularning shaxsiy ma'lumotlari qanday ishlatilganini bilishlari shart. Facebook, Cambridge Analytica va boshqa manfaatdor tashkilotlar tergovga yordam beradi, deb umid qilaman, -dedi Tereza Mey.

Facebook milliard dollarlarini yo’qotdi

50 million odamning shaxsiy ma'lumotlaridan noqonuniy foydalanilgani oshkor bo’lgach, so’nggi ikki haftada Facebook aksiyalari 7 foizga arzonlab, 60 milliard dollar zarar ko’rdi.

20 mart holatiga ko’ra, Mark Sukerbergning shaxsiy kapitali jami 9 milliard dollarga pasaygan.

#DeleteFacebook

Yuqoridagi ma'lumotlar paydo bo’lganidan so’ng Twitter’da #DeleteFacebook xeshtegi ommalashdi.

Mazkur xeshteg ostida foydalanuvchilar o’z shaxsiy ma'lumotlarini himoya qila olmagan ijtimoiy tarmoqdan chiqishga chaqirilmoqda.

#DeleteFacebook xeshtegini 2017 yilda Facebook shirkatini tark etgan WhatsApp asoschilaridan biri Brayan Ekton ham qo’llab-quvvatlagani aytilayotir.

Facebook auditoriyasi oyiga 2 milliard foydalanuvchidan oshadi.