Kirish
So'nggi yangilanish: 17.11.2018

Tojikiston aholisining 30 foizi to’yib ovqatlanmasligi aniqlandi

  • Bo'lim: DUNYO

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi 2017 yil oxirida e'lon qilgan hisobotga ko’ra, Tojikiston aholisining 30 foizdan ortig’i to’yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Hisobotda, ayniqsa, Tojikistonning qishloq joylarida vitaminli va kaloriyali ovqatga to’ymagani sababli 5 yoshga to’lmagan ko’p bolalar jismoniy rivojlanishdan qolgan deb xabar beradi Sof.uz.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida aytilishicha, Tojikistonning 30 foizdan ko’proq aholisi yoki 2,5 million odam oziq-ovqat taqchilligiga duch kelgan. Bu raqam Qirg’izistonda 6,5, O’zbekistonda 6,3 foizni tashkil etadi.

Hisobotda ta'kidlashicha, to’yimli va kaloriyali ovqat yemasligi bois yoshi 5ga yetmagan tojikistonlik har to’rt boladan biri jismoniy rivojlanishdan orqada qolgan.

Dushanbedagi tashxis va davolash markazi raisi Mariya Shexovaning aytishicha, bunday vaziyat asosan qishloq sharoitida kuzatilib, shaharlik bolalarga nisbatan qishloq bolalarining bo’yi pastroq va vazni yengilroqdir.

Hozircha Tojikiston rasmiylari BMTning ushbu hisobotiga munosabat bildirgani yo’q.

Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistik ma'lumotlar agentligi rasmiylariga ko’ra, bugun mamlakat aholisining 30 foizdan ortiqrog’i qashshoqlik domida kun kechirmoqda. Tojikiston rasmiylari mamlakatda qashshoqlik darajasi pasaygani, turli sohalarda ijobiy o’zgarishlar kuzatilayotganini qayd etadilar. Ammo, mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, bu ma'lumotlar Tojikistondagi real voqelikni aks ettirmaydi.