Kirish
So'nggi yangilanish: 24.09.2018

Fransiya hukumati AQSh prezidenti Donald Trampga aytgan bo’hton so’zlari uchun uzr so’rashni maslahat berdi

  • Bo'lim: DUNYO

Avvalo 2015 yilni ko’z oldimizga keltiraylik. Shu yil 13 noyabrida jangarilar Parij va San-Deni shaharlarida terror harakatlarini sodir etgan. Futbol o’yingohi yonida bomba portlatilgan, restoranlarga hujumlar uyushtirilgan. «Bataklan» konsert zalida ko’plab odamla garovga olingan. Ushbu terror harakatlari oqibatida 150 ga yaqin odam halok bo’lgan, 400 dan ziyod fuqaro turli darajada jarohatlar olgan.

Tramp yaqinda milliy o’qchilar assotsiatsiyasi a'zolari qarshisidagi chiqishi paytida xuddi o’sha terror harakati haqida gapirib, terrorga qarshi kurashga otlangan fransuzlar quroldan foydalanishni bilmasligi, umuman, Fransiya harbiylari risoladagidek qurollana olmasligini, shuning uchun ham o’shanda jangarilar ketma-ket ularni o’ldirib chiqqanini haqoratli va masxaraomuz ohanglarda aytib o’tgandi. Birinchi bo’lib Fransiya moliya vaziri Bruno Le Mar Trampni shu bo’htonlari uchun uzr so’rashga chaqirdi.

- Biz Amerikada deyarli har kuni odamlar bir-birini ko’r-ko’rona otib o’ldirayotganini gapirmayapmiz-ku, - dedi vazir. - Qolaversa, bu kabi chalasavodlarcha aytilgan gaplar Amerika prezidentiga yarasharmikan? Nahotki, Tramp o’z gapini to’g’rilab gapirishga ham ojiz bo’lsa? Biz undan masxarali va bo’htonga qorishiq gaplari uchun zudlik bilan uzr so’rashini talab qilamiz…

Fransiya sobiq prezidenti Fransua Olland esa Trampni teatr aktyoridan farqi qolmaganlikda aybladi.

- Amerikada qurol oldi-sotdisi qonunlashtirilgan, - dedi Olland. - Ammo bu dunyoda faoliyati taqiqlangan jangarilardan himoya eta oladi degani emas. Amerikaliklar terrorchilar o’rniga sotib olayotgan quroli yordamida bir-birlarini qirishmoqda…

Hozircha Amerika tarafining bu chaqiriqlarga arzirli javobi matbuotda e'lon qilinmadi. Hoynahoy, yaqin soatlarda Tramp ma'muriyati ittifoqdosh hisoblanmish Fransiya hukumatiga o’z javobini aytsa ajab emas.

Manba: hordiq.uz