Kirish
So'nggi yangilanish: 20.11.2018

Olimlar uzoq galaktikadan kelgan g’alati signallarni “tutib olish”di

  • Bo'lim: DUNYO

AQSHning Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari Yerdan 3 mlrd. yorug’lik yili uzoqligida joylashgan mitti galaktikadan kelgan 400 terabayt radiomaʼlumotni shifrdan chiqarish orqali 72 ta g’alati signalni tutib qolishdi.

Bu haqda Bi-bi-si xabar berdi. Mazkur izlanishlar SETI(Yerdan tashqari sivilizatsiyalarni izlash bo’yicha xalqaro loyiha) doirasida olib borilayapti. Ushbu loyiha 1959 yildan buyon mavjud bo’lib, texnologik jihatdan rivojlangan har qanday sivilizatsiya qandaydir chastotada signal berishga qodir degan farazga asoslanadi. Tadqiqotlar Amerika kompaniyalari va qisman NASA tomonidan moliyalashtiriladi.

Olimlar tomonidan FRB 121102 deya nomlangan yuqoridagi signal manbai shunisi bilan noyobki, u o’zidan muntazam ravishda radioovozlar chiqarib turadi.

Aniqlangan signallar juda tez, ammo radioimpulslar orqali yaxshi seziladi. Shunga o’xshash voqea 2007 yilda ham kuzatilgandi, ammo bu holat olimlar eʼtiborini endi o’ziga tortayapti.

“Ularni ishlab chiqarayotgan obyekt tabiati bizga nomaʼlum”, - deya maʼlum qildi SETI vakillari.

Signallarning kelib chiqishi haqida qator taxminlar bor. Hatto ulardan biri bunday belgilarni Yerdan tashqaridagi qandaydir ongli mavjudot jo’natayapti degan farazdir.

O’tgan yili Garvard universiteti olimlari bunday signallar Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarda qurilgan qudratli uzatgichlardan kelayotgani, bundan ko’zlangan maqsad yulduzlararo kosmik ekspeditsiyalarni uyushtirish ekanligini taxmin qilishgandi. Olimlar bu kabi sayohatlar uchun yorug’lik yoki quyosh yelkanlari tamoyilidan foydalanish mumkinligini aytishadi. Yorug’lik(foton) tomonidan yaratilgan kichik bosim kuchsiz, ammo tezlikni muntazam oshirib borishga xizmat qilib, bu nazariy jihatdan kosmik kemaga qariyb yorug’lik tezligiga erishish imkonini beradi.

Bu galgi signallar G’arbiy Virjiniya shtatidagi “Grin-Benk” radioteleskopi yordamida aniqlandi. Ilmiy xodim Jerri Chjan tomonidan esa 400 terabayt radioaxborotni to’liq o’rganishda qo’l keladigan maxsus algoritm ishlab chiqdi.

Ilgari buning uchun IT-kompaniyalar qidiruv natijalari va tasvirlarni tasniflashni optimallashtirish uchun foydalanadigan nisbatan oddiy algoritmlarga o’xshash tizimlar ishlatilgan.

“Ushbu ish nafaqat tez radioovozlar paydo bo’lish dinamikasini batafsil o’rganishga yordamlashmoqda, balki aqlli mashinalar anʼanaviy algoritmlar ilg’ay olmaydigan signallarni ham qayd eta olishini ko’rsatib berayapti”, - dedi SETI tadqiqot markazi rahbari Endryu Simon.

Eslatib o’tamiz, 1999 yilda Kaliforniya universiteti SETI loyihasiga barcha xohlovchilarni jalb etishga qaror qildi. Buning uchun personal kompyuterga radioteleskop yordamida qabul qilingan signallarni shifrdan chiqarib beradigan dasturlar paketini o’rnatish kifoya edi. Ushbu chaqiriqqa dunyoning 200 mamlakatidan qariyb besh million kishi labbay deb javob berdi. Loyihada ularning har birining ishtiroki uncha qimmatga tushmaydi, ammo barcha ko’ngillilarning barchasi tomonidan mazkur loyihaga sarflangan elektr energiyasi qiymati umumiylashtirilganda, u 2 mlrd. dollardan ham oshib ketgan.

Manba: Xalq so’zi