Kirish
So'nggi yangilanish: 12.12.2018

Asr kashfiyoti: amerikalik olimlar deyarli abadiy yashashi mumkin bo’lgan jonzotni topishdi

  • Bo'lim: DUNYO

Amerikalik biologlar deyarli abadiy yashashi mumkin bo’lgan tirik jonzot borligini kashf qildilar. Bu uncha katta bo’lmagan - 3-5 millimetrlik Turritopsis nutricula nomli meduza bo’lib, tropik dengizlarda yashaydi. U vaqti-vaqti bilan dengiz tubiga tushib, xitin qobig’i bilan o’ralib oladi va polipga aylanadi, deb xabar bermoqda Turon24.

Ushbu himoya ostida meduza hujayralari butunlay yangilanadi va organizm xuddi yangidan yaralgandek bo’ladi. Meduza xitin qavatidan chiqib keyingi “qarish” davrigacha yana hayotini boshidan boshlaydi. Shu tariqa bunday qayta tug’ilishlar cheksiz davom etishi mumkin.

Hozir tadqiqotchilar bu hodisani faol o’rganishmoqda. Taxminlarga ko’ra, Turritopsis nutricula ning oziq moddasi uning genini nazorat qila oladi va yangi hujayralar hosil bo’lishiga ta'sir ko’rsatadi. Biroq, u qanday qilib o’ziga “yoshligini qaytarishi” hozircha noma'lum.

Agar olimlar buning sababini aniqlashsa, qarishning oldini olish va tibbiyotning regenerativ sohasida katta kashfiyotlar bo’lishi kutilmoqda.