Kirish

AQShning ikki xil “yuzi”

  • Bo'lim: DUNYO

Bir necha kundan beri dunyodagi barcha OAV “AQShning 2019 yildan YuNESKO a’zoligidan chiqayotgani”ni yoritishmoqda. Ko’pchilik “BMTni bir qo’lida o’ynatib turgan“ AQShning nega bunday qarorga kelganini tushunmay qoldi. Shu tufayli o’quvchilarga AQSh va YuNESKO o’rtasida kelib chiqqan mojaroni sharhlab bersam.

Voqealar 2011 yilning 31 oktyabr kuni YuNESKO Falastin davlatini o’z safiga to’laqonli a’zo qilib olgan kundan boshlandi. O’sha sanagacha YuNESKOda kuzatuvchi maqomida bo’lib kelayotgan Falastinni tashkilot safiga to’laqonli a’zo sifatida qabul qilish ochiq ovoz berish yo’li orqali hal qilindi va mutlaq ko’pchilik Falastinni YuNESKO safiga qabul qilinishi uchun ovoz berdi. Rozilar soni 107. Qarshilar soni esa 14. Qolganlar betaraf qolishgan.

Ma’lumot uchun; BMTda bor yo’g’i 5 doimiy a’zo davlat bor. Bular AQSh, Fransiya, Angliya, Rossiya va Xitoy. Tashkilot tashkil topganidan boshlab hozirgacha Yer yuzidagi turli ishlar shu 5 davlatning xohishlariga ko’ra hal qilingan.

YuNESKOda esa har qanday qaror umumiy a’zo bo’lgan bo’lgan davlatlar muhokamasiga tashlanadi va hal qiluvchi qarorlar oshkora ovoz berish yo’li bilan qabul qilinadi.

Shu o’rinda o’quvchilarda “Xo’sh, Falastin YuNESKOga to’laqonli a’zo qilib olinsa bundan AQSh manfaatlariga qanday zarar yetadi?“ degan savol paydo bo’lishi mumkin. Hamma gap shundaki YuNESKO tashkiloti Isroilni Falastinning bir qismini bosib olgan bosqinchi davlat deb hisoblaydi va hozirgi kunda Isroil nazoratida bo’lgan Quddus shahrini bir qismini ham Falastin hududi deb biladi. AQShga YuNESKOning mana shu pozitsiyasi yoqmaydi va o’zining Yaqin Sharqdagi eng asosiy va yaqin ittifoqchisi bo’lgan Isroilning tarafini olib u YuNESKO bilan kelishmovchilikka boryapti.

2011 yilning 31 oktyabr kuni YuNESKO Falastinni o’z safiga qo’shganini e’lon qilishi ortidan AQSh bundan buyon bu tashkilotni moliyalashtirishdan voz kechishini e’lon qildi. AQSh bu ishi ortidan YuNESKOda moliyaviy qiyinchilik yuz berishini va tashkilot o’ziga yon berishini kutgan edi. Chunki YuNESKOning yillik byudjeti 20% ini AQSh berar edi va bu 80 million dollarni tashkil etgan. Ammo YuNESKO yon berishni istamadi va agar AQSh a’zolik badalini to’lamasa uni tashkilot ishlarida ovoz berish huquqidan mahrum qilishini e’lon qildi.

Voqealar shu zaylda rivojlandiki AQSh o’sha 2011 yildan beri hanuzgacha YuNESKOga a’zolik badalini to’lamaydi va bu yig’ilib bugungi kunda 500 million dollardan oshgan. YuNESKO o’z so’zida turib AQShga yon bermadi va uni tashkilot ishlarida ovoz berish huquqidan mahrum qildi. Kelishmovchilik shu darajaga yetdiki YuNESKOning o’ziga yon berishidan batamom umidini uzgan AQSh oxiri bu tashkilotdan chiqishi haqida qaror qabul qildi. YuNESKO ham o’z pozitsiyasida o’zini haq deb biladi va ortga chekinmoqchi emas.

Ko’pchilikning fikriga ko’ra AQSh BMT va uning bo’limi bo’lgan YuNESKO ishlariga 2 xil standart bilan yondashmoqda. Ya’ni BMTda o’zining 4 sherigi bilan birgalikda doimiy a’zoligidan foydalanib ancha yillardan beri boshqalarning BMTni tubdan isloh qilish, doimiy a’zolarning sonini oshirish haqidagi talab va takliflarini e’tiborsiz qoldirib kelyapti. Gap siyosatdan xoli bo’lgan YuNESKO tashkiloti haqida ketganda esa AQShning o’zi bu tashkilotni “tubdan isloh qilish kerak“ deb da’vo qilmoqda. AQShning bunday da’vo qilishiga sabab esa YuNESKO tashkiloti shunchaki AQShning “yo’rig’i“ga yurmayapti.

AQShning 2 xil standart qo’llayotganiga yana bir misol: Bu davlat o’zi bilan aloqasi uncha yaxshi bo’lmagan davlatlarning yurgizayotgan ichki va tashqi siyosatlaridan xato topib oqibatda darrov BMTning sanktsiyalarini qo’llash bilan tahdid qiladi. Lekin gap yaqin ittifoqchisi bo’lgan Isroilning manfaati haqida ketganda esa avvalambor o’zi BMTning rezolyutsiyalarini oyoqosti qiladi. Masalan, u Falastin-Isroil mojarosida ana shunday yo’l tutmoqda va 70 yildan buyon Isroilning Falastin yerlarini bosib olganiga ko’z yumib kelmoqda. Hatto Falastinni o’z safiga teng huquqli a’zo sifatida qo’shib olgan YuNESKOning bu ishini “kechira olmayapti“.

Umumiy xulosa shuki agar islohot kerak bo’lsa avvalambor BMTning o’zini islohot qilish kerak. Yer sharining taqdirini 5 davlat o’zaro hal qilmasdan doimiy a’zolar sonini oshirish kerak. Siyosatdan xoli bo’lgan YuNESKO esa hozircha o’z ishini bilib qilyapti.

Manba: Azon.uz