Kirish
So'nggi yangilanish: 20.10.2018

O’zbekiston aholisining soni 32,5 milliondan oshdi

2017 yilning 1 oktabr holatiga respublika doimiy aholisining soni 32 mln. 511,9 ming kishini tashkil etib, yil boshidan 391,4 ming kishiga yoki 1,2 foizga ko’paydi. Shundan, 16 mln. 451,9 ming kishi-shahar joylarida (jami aholi sonining 50,6 foizi) va 16 mln. 60,0 ming kishi-qishloq joylarida (49,4 foizi) istiqomat qiladi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasining 2017 yilning yanvar-sentabr oylaridagi asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko’rsatkichlar bo’yicha hisobotida aytiladi.

2017 yilning yanvar-sentabrida tug’ilganlar soni 523,6 ming kishini tashkil etdi va 2016 yilning shu davriga (532,4 ming kishi) nisbatan 8,8 ming kishiga kamaydi, shunga mos ravishda tug’ilish koeffitsiyenti 21,7 promilleni tashkil qildi.

Tug’ilish koeffitsiyentining sezilarli kamayishi Xorazm (20,7 promilledan 19,5 promillegacha), Buxoro (20,6 dan 19,5 gacha), Farg’ona (21,9 dan 20,8 gacha) Toshkent (20,2 dan 19,2 gacha), Qashqadaryo (24,7 dan 23,8 gacha), Namangan (23,5 dan 22,6 gacha), Andijon (22,9 dan 22,1 gacha) Navoiy (22,3 dan 21,7 gacha) viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi (20,7 dan 19,5 gacha) hissasiga to’g’ri keladi.

2017 yilning yanvar-sentabrida vafot etganlar soni 116,9 ming kishini tashkil qildi va 2016 yilning shu davriga (108,9 ming kishi) nisbatan 8,0 ming kishiga ko’paydi, mos ravishda o’lim koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil qildi (2016 yil yanvar-sentabrida-4,6 promille bo’lgan).

O’lim koeffitsiyentining sezilarli o’sishi Andijon (4,8 dan 5,3 promillegacha), Namangan (4,3 dan 4,8 ), Jizzax (3,9 dan 4,3), Surxondaryo (4,0 dan 4,4), Farg’ona (4,5 dan 4,9), Qashqadaryo (3,8 dan 4,1 ), Navoiy (4,5 dan 4,7), Sirdaryo (4,7 dan 4,9), Xorazm (4,3 dan 4,5) viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi (4,4 dan 4,6) hissasiga to’g’ri keladi. O’lim darajasining eng past ko’rsatkichi Qashqadaryo (4,1 promille), Buxoro (4,3 promille), Jizzax (4,3) va Samarqand (4,3) viloyatlari hissasiga to’g’ri keldi.

Vafot etganlar umumiy sonidan 60,5 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9.2 foizi-o’sma kasalliklaridan, 6,2 foizi-baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlardan, 5,6 foizi-ovqat hazm qilish organlari kasalliklaridan, 4,9 foizi-nafas olish organlari kasalliklaridan, 1,7 foizi-infeksion va parazitar kasalliklaridan, 11,9 foizi-boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Dastlabki ma`lumotlarga ko’ra, 2017 yilning yanvar-sentabr holatiga 95 ta onalar o’limi ro’yxatga olingan va onalar o’limi koeffitsiyenti 18,1 promilleni (100 ming tirik tug’ilganga nisbatan) tashkil qildi.

Onalar o’limining yuqori ko’rsatkichlari Navoiy-32,5 (100 ming tirik tug’ilganga nisbatan), Toshkent viloyati-27,0, Jizzax-25,8 Samarqand-22,9 va Sirdaryo viloyatlari-22,7 hissasiga to’g’ri keladi. 2017 yilning yanvar-sentabrida bir yoshgacha 6,1 mingta bolalar o’limi qayd etilgan. Go’daklar o’limi koeffitsiyenti-11,2 promilleni (2016 yil yanvar-sentabrida-10,2 promille bo’lgan) tashkil qildi. Go’daklar o’limining yuqori ko’rsatkichlari Toshkent shahri-17,9 (1000 tirik tug’ilganga nisbatan), Xorazm-16,0, Andijon-15,6, Namangan-14,2, Jizzax-14,1, Sirdaryo-13,7 viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi-15,0 hissasiga to’g’ri keladi.

2017 yilning yanvar-sentabrida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida 192,7 mingta nikohlar va 23,6 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan, 1 000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 8,0 (2016 yilning yanvar-sentabrida-7,4 bo’lgan) va nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1,0 ni (2016 yilning yanvar-sentabrida-0,9 bo’lgan) tashkil etgan.

2017 yil yanvar–sentabr oylarida respublika bo’yicha ko’chib kelganlar soni 120,8 ming kishini, shu davr mobaynida ko’chib ketganlar soni esa-136,1 ming kishini tashkil qildi. Mos ravishda migratsiya qoldig’i minus 15,3 ming kishini tashkil etgan, 2016 yilning mos davrida minus 20,7 ming kishi bo’lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent (minus 4,8 ming kishi), Samarqand (minus 3,9), Qashqadaryo (minus 3,4), Farg’ona (minus 2,0), Buxoro (minus 1,8), Andijon (minus 1,5) viloyatlarida va Qoraqalpog’iston Respublikasida (minus 3,4) qayd etildi. Migratsiyaning ijobiy saldosi Toshkent shahrida kuzatildi (plyus 10,8 ming kishi).

Manba: kun.uz