Kirish
So'nggi yangilanish: 20.10.2018

Rossiyaliklarning O'zbekistonga bo'lgan munosabati qanday?

Belarus va Qozog'iston prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Nursulton Nazarboyev Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a`zo mamlakatlar yetakchilariga bo'lgan ishonch reytingida birinchi pog'onalarda bormoqda. Butunrossiya jamoat fikrini o'rganish markazi so'rovi ma`lumotlariga ko'ra, Lukashenko ruslarning 62 foizida ishonch uyg'otsa, Nazarboyev – 56 foiz.

So'rov natijalariga ko'ra, "Belarus va Qozog'iston MDHga a`zo davlatlar orasida Rossiya fuqarolari tomonidan eng qo'llab-quvvatlanuvchi mamlakatlardir". Bu davlatlarni tadqiqot ishtirokchilarining aksariyati “eng barqaror va muvaffaqiyatli” deb hisoblaydi: Belarusni respondentlarning 60 foizi alohida tilga olgan bo'lsa, Qozog'iston – 41 foiz. Ulardan keyingi o'rinlarni Armaniston (16%), Ozarboyjon (14%), Gruziya (10%), O'zbekiston (7%), Turkmaniston (7%), Qirg'iziston (5%), Moldova (4%), Tojikiston (3%) va Ukraina (1%) egallab turibdi.

"Rossiyaliklar – ko'p millatli xalq, va u yoki bu davlatdan bo'lganlar, odatda, o'zlarining tarixiy vatanlarini qo'llab-quvvatlaydilar, - deya aytib o'tdi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti direktori Andrey Kazantsev. – MDH davlatlarining Rossiyadagi reytingi bu yerdagi diasporaning katta yoki kichikligiga bog'liq". Uning fikriga ko'ra, yaqin xorij davlatlari reytingiga Rossiyada ularning hayoti qay darajada yoritilishi ta`sir ko'rsatadi.

Butunrossiya jamoat fikrini o'rganish markazi ekspertlarining ta`kidlashicha, rossiyaliklar Belarus (64%) va Qozog'istonni (57%) jahon arenasida o'z mamlakatining asosiy ishonchli hamkori deb hisoblaydi. Shuningdek, respondentlar Armaniston (16%), Ozarboyjon (10%), Qirg'iziston (8%) va O'zbekistonni (8%) tilga olishgan. Keyingi o'rinlardan esa Gruziya (6%), Tojikiston (5%), Moldova (5%), Turkmaniston (5%) va Ukraina (1%) joy egalladi.

Belarus (66%) va Qozog'iston (38%) asosiy tili rus bo'lgan aholi huquqlarini ta`minlash mezonlari bo'yicha ham MDH davlatlari ro'yxatida yetakchi pozitsiyalarni qo'lga kiritdi. Keyingi o'rinlardan Armaniston (11%), Ozarboyjon (6%), Gruziya (6%), Moldova (6%), Ukraina (5%), O'zbekiston (5%), Qirg'iziston (5%), Tojikiston (4%), Turkmaniston (2%) joy oldi. "Asosiy tili rus bo'lgan aholi huquqlariga rioya etish bo'yicha ijobiy dinamika va ko'rsatkichlarning o'sishi kuzatilmoqda, - deya aytib o'tdi Butunrossiya jamoat fikrini o'rganish markazining maxsus dasturlar direktori Yelena Mixaylova. – Buni davlat siyosati natijasi sifatida qabul qilish mumkin".

Manba: kun.uz