Kirish
So'nggi yangilanish: 19.10.2018

Zangiota tumanida MDHda yagona sakkiz qirrali yulduz shaklida hibsxona qurildi

Prezident qarori asosida Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida xalqaro standartlarga to’liq javob beradigan tergov hibsxonasi qurildi. Hozirgi kunda “Toshturma”da saqlanayotgan mahkum va mahbuslarning barchasi yangi binoga ko’chirildi. Bu haqda O’zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig’i – Ichki ishlar vazirining Matbuot kotibi Qutbiddin Burxonov O’zAga ma'lum qildi deb xabar beradi sof.uz.

Xalq orasida “Toshturma” nomi bilan mashhur Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasi 1891 yilda Chor Rossiyasi amaldorlari buyrug’iga binoan toshdan barpo etilgan. O’zaro yer osti va yer usti yo’llari bilan bir-biriga bog’langan to’rt korpus mavjud bo’lsa-da, binoning umumiy ahvoli bugungi kun talablariga, xalqaro standartlarga javob bermasdi.

Binoni loyihalashtirishda iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari, jazoni ijro etishga oid barcha jihatlar hisobga olingan.

Oshxona, kutubxona, yuvinish xonasi va boshqa maishiy xizmat ko’rsatish xonalari har tomonlama qulay. Maxsus kontingentga zarur bo’lgan tibbiy yordam ko’rsatish va uni tashkillashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Oziq-ovqat va dori-darmonlarni saqlash uchun zamonaviy muzlatkichlar o’rnatilgan.

Xalqaro va zamon talablariga javob beruvchi, qurilishi va jihozlanishi jihatidan MDH davlatlari ichida yagona hisoblangan ushbu hibsxona sakkiz qirrali yulduz shaklida qurilgani kameralarga har tomonlama yorug’lik tushishini ta'minlaydi.

Mahkum va mahbuslarning yaqin qarindoshlari, advokatlari bilan uchrashuv xonalari mavjud. Barcha jazoni ijro etish muassasalari, shu jumladan yangi tergov hibsxonasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.