Kirish

Davlat test markazi namunaviy test topshiriqlarni e'lon qildi

Davlat test markazi (DTM) oliygohlarga kirish imtihonlari bo’yicha namunaviy test topshiriqlarni e'lon qildi.

DTM saytida o’zbek, qoraqalpoq, rus tillari, adabiyot, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, shuningdek ingliz, nemis va fransuz tillari bo’yicha testlar qo’yilgan.

"Taqdim etilayotgan test topshiriqlarining namunaviy variantlari tasdiqlangan talablar kodifikatori va test topshiriqlari tafsilotlari asosida tayyorlangan bo’lib, abiturientlarga, ularning ustozlari va keng jamoatchilikka umumta'lim fanlari bo’yicha bo’lg’usi imtihonning shakli, mazmuni, murakkablik darajasini namoyish qilish uchun mo’ljallangan. Ushbu variantlar boshqa metodik nashrlar bilan bir qatorda o’quvchilarga qabul test sinovlariga tayyorgarlik ko’rish uchun yordam berishga qaratilgan", - deyilgan xabarda.

Eslatib o’tamiz, oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustga qadar o’tkaziladi. Shuningdek, kirish test sinovlari natijalari test sinovi o’tkazilgan kunning ertasigayoq Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Oxirgi yillarda O’zbekistonda abiturientlar soni yil sayin o’rtacha 10 foizga o’sib bormoqda. 2016 yilda 663 ming kishi hujjat topshirgan bo’lsa, 2017 yilda -729 ming kishi OTMlarga kirish istagi bildirgan. 2018 yilda esa abiturientlar soni 810 mingga yaqin bo’lishi kutilmoqda.

Test topshiriqlari namunalari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Manba: sof.uz