Kirish
So'nggi yangilanish: 19.10.2018

Oliygohlarga o’qishga kirish uchun o’tkaziladigan test sinovlarining muddati va tartibi ma'lum qilindi

Oliy ta'lim muassasalariga o’qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to’g’risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda O’zbekiston Adliya vazirligining Telegramdagi "Huququy axborot" kanalida xabar qilindi.

Xabarda qayd qilinishicha, qaror bilan tasdiqlangan "Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga oqishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o’tkazish tartibi to’g’risida"gi nizomga asosan, o’qishga qabul qilish to’g’risidagi arizalar har yili 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Test sinovlari har yili 1 avgustdan 15 avgustga qadar, kuniga ikki smenada o’tkaziladi. Bunda 1-smena 8:00 da, ikkinchi smena 15:00 da boshlanadi.

Abiturient test sinovlari o’tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 7:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 7:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abiturient ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi lozim.

Test sinovlari Toshkent shahridagi "O’zekspomarkaz" milliy ko’rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o’rnatiladigan qo’shimcha yig’ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig’imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig’imdagi binolarida o’tkaziladi.

Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to’ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig’iga 1 soat, 60 ta test topshirig’iga 2 soat, 90 ta test topshirig’iga 3 soat vaqt beriladi.

Test sinovlari natijasidan norozi bo’lgan abiturientlar 20 avgustdan 30 avgustgacha bo’lgan muddatda O’zbekiston ta'lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega bo’ladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan bakalavriatga test sinovlarisiz, kasbiy(ijodiy) imtihonlar orqali o’qishga qabul qilish bo’yicha ta'lim yo’nalishlari ro’yxati tasdiqlandi.