Kirish

O’zbekistonda 15 iyuldan eng kam ish haqi miqdori oshirilishi mumkin

O’zbekistonda 15 iyuldan eng kam ish haqi miqdori taxminan 7 foizga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda O’zbekiston iqtisodiyot vaziri o’rinbosari Mubin Mirzayevga asoslanib Xalq so’zi ma’lum qildi.

Mubin Mirzayev 2017 yil dekabrida bergan intervyusida O’zbekistonda ish haqining inflyatsiya oqibatida yo’qotilgan qismini har olti oyda kompensatsiya qilish tizimi joriy etilishi, ish haqining o’sish sur’atlari inflyatsiya darajasidan past bo’lmasligini ma’lum qilgan edi.

Xalqaro press - klubning 2 iyul, dushanba kuni bo’lib o’tgan navbatdagi anjumanida O’zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo’chqorov 2018 yil birinchi yarim yilligida inflyatsiya 6,2 foizni tashkil etganini ma’lum qildi.

“Ilk bor prognoz ko’rsatkichlarga erishildi va Xalqaro valyuta jamg’armasi (XVJ) ushbu raqamlarni shubha ostiga olmadi. Bungacha XVJ bizning baholashlarimizni hech qabul qilmagan”, - deya tan oldi Moliya vazirligi rahbari.

Shunday qilib, eng kam ish haqining kutilayotgan indeksatsiyasi (taxminan 7 foiz) birinchi yarim yillikdagi inflyatsiya darajasi (6,2 foiz)dan yuqori bo’ladi.

Mubin Mirzayevning ta’kidlashicha, yil oxirida ish haqi-ikkinchi yarim yillikdagi inflyatsiya darajasidan kelib chiqib - yana bir bor indeksatsiya qilinadi. “Bu byudjetda ko’zda tutilgan”, - deb aytgan u.

Ma’lumot uchun, hozirda O’zbekistonda eng kam oylik ish haqi miqdori - 172 240 so’mni tashkil qiladi.