Kirish

O’zbekistonda UzCard tizimi ishlamayapti. Bu bir kunda qancha zarar keltirishi mumkin?

15 sentyabr kuni 18:52dan boshlab O’zbekistonda Yagona umumrespublika protsessing markazi (YUPM) UzCard tizimida texnik nosozliklar sabab ishdan chiqqan. Bu maʼlumotni kompaniya rasmiy sayti ham tasdiqladi.

Hozircha, tizimning qachon yana qayta ishga tushishi haqida maʼlumotlar yo’q. 16 sentyabr 17:15gacha bo’lgan holatda tizim hamon ishlamay qolayotgandi. Bu 22 soatdan ortiqroq vaqtdan buyon o’zbekistonliklar o’z plastik kartochkalari orqali istalgan turdagi to’lovlarni amalga oshira olmayotganini bildiradi, deb xabar bermoqda Xalq so'zi.

UzCard rahbari Ahror Mahmudovning ma’lum qilishicha - bugun tizim to’laqonli qayta ishlashni boshlaydi, aniq vaqti kompaniyaning rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Markaziy bank maʼlumotlariga ko’ra, 2018 yil 1 sentyabr holatiga O’zbekistonda muomaladagi bank plastik kartalari soni – 18 026 562 tani tashkil qiladi. Terminallar soni – 243 236 ta, bankomat va infokiosklar soni – 6 279 ta.

2018 yil yanvar-avgust oylari davomida to’lov terminallari orqali tushgan tushumlar soni 39 trln 278 mlrd.so’mdan ortiqroq mablag’ni tashkil qiladi.

Bu O’zbekistonda bir kunda (24 soatda) Respublika bo’yicha o’rtacha 164 mlrd.so’m terminal tushumlari amalga oshiriladi degani.