Kirish
So'nggi yangilanish: 20.11.2018

Endi barcha elektr hisoblagichlar elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan o’rnatiladi va tekshiriladi

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari o’z abonentlarining barcha (nafaqat EHNATga ulangan) hisoblagichlarini saqlash xarajatlarini o’z zimmasiga oladi. Ko’p kvartirali turar joylar hamda yotoqxonalarda yashovchi iste'molchilar elektr plitalar o’rnatish texnik shartlarda nazarda tutilgan holdagina elektr energiyasi haqini 50%lik chegirma bilan to’lay oladilar.

Bu haqda O’zbekiston Vazirlar Mahkamasining 20 oktyabrdagi elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritgan qarorida ko’zda tutilgan deb xabar beradi Norma.uz’ga asoslanib Sof.uz.

Endi, qoidalarning 52-bandiga muvofiq, barcha elektr energiyasi hisoblagichlarini sotib olish, o’rnatish, ro’yxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan o’tkazish va plombalash, shuningdek mavjudlari (shu jumladan induksion) hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mablag’lari hisobidan almashtiriladi. Ilgari ushbu norma faqat EHNATga ulanadigan, ya'ni zamonaviy hisoblagichlarga taalluqli edi.

Shu munosabat bilan iste'molchilar tegishli xabarnomani olganlaridan so’ng kelgusi qiyoslov xizmati uchun to’lovni amalga oshirmagan bo’lsalar, ularni elektr energiyasi uchun to’lovni belgilangan quvvat bo’yicha to’lashga o’tkazish to’g’risidagi qoidalarning 125-bandi o’z kuchini yo’qotdi.

Hisoblagich o’g’irlangan yoki unga zarar yetkazilgan hollarda qoidalarning 98-bandi qo’llaniladi, unga ham xonadonlar ichida o’rnatilgan hisoblagichlar haqidagi norma qo’shildi. Xonadon ichida o’rnatilgan hisoblagichni tiklash iste'molchining majburiyati ekanligi borasida aniqlik kiritildi.

Shu bilan birga, zinapoya maydonchalarida o’rnatilgan hisoblagichlar uchun ilgarigidek XUJMSh yoki uyni boshqaruvchi tashkilot javobgar hisoblanadi.

Ovqat tayyorlash uchun elektr plitalar bilan jihozlangan ko’p kvartirali turar joylar va yotoqxonalar aholisigina, uyning necha qavatliligidan qat'i nazar, elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 50 foizi miqdorida to’lov to’lash huquqiga ega. Ilgari faqat 10 qavatdan baland uylarning aholisi ana shu huquqqa ega edi.

Shunisi muhimki, elektr tarmoqlariga ulash bo’yicha texnik shartlarda avvalboshdan mazkur elektr plitalarning quvvati hisobga olingan ko’p kvartirali turar joylar va yotoqxonalar aholisigina imtiyozdan foydalanish huquqiga ega bo’ladi. Bu uylarda elektr qurilmalarni (transformatorlar, kuch kabellari, taqsimlash shchitlari, kommutatsiya apparatlari, elektr uzatkichlar va boshqalarni) loyihalashtirish va montaj qilish texnik shartlarda ko’rsatilgan quvvatni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.