Kirish
So'nggi yangilanish: 20.11.2018

Yangi alifboda qanday o’zgarishlar bo’lishi maʼlum qilindi

Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga bir qator o’zgarishlar kiritiladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O’zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruhi, shuningdek turli mutaxassislar, jamoatchilik fikri inobatga olinib hozir lotin yozuvidagi to’rtta harf o’zgaradigan bo’ldi. Bu haqda “Xalq so’zi” xabar qilgan.

Bular:

O’ unli harfi qo’shimcha belgilarsiz Ŏŏ ko’rinishida, G’ harfi Ğğ ko’rinishida yoziladigan bo’ldi. Harflar birikmasi orqali tuzilgan Ch va Sh harflari mos ravishda Çç va Şş harflariga almashtiriladi.

Shuningdek, ng tovushi ham alifboda saqlanib qoladigan bo’ldi.

Kirill alifbosidagi Ц harfini С ko’rinishida yangi alifboga kiritish, shuningdek Ж harfining ikkita ko’rinishida berish kabi takliflar qabul qilinmadi. Natijada yangi alifboga Цц harfi kiritilmadi va Жж harfi bitta bo’lib qoladigan bo’ldi.

Eslatib o’tamiz, 2018 yil 15 mayda “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo’yicha Harakatlar rejasi” tasdiqlangan va reja bo’yicha yil oxiriga qadar aniq taklif berilishi lozim edi.