Kirish
So'nggi yangilanish: 16.10.2018

«Real» Turinda «Yuventus»ni tor-mor keltirdi. Ronaldudan dubl va golli uzatma!

  • Bo'lim: SPORT

Yevropa Chempionlar ligasi chorak final ilk bahsidan o’rin olgan «Yuventus» - «Real» uchrashuvi o’z nihoyasiga yetdi. Turinda kechgan bahsda madridliklar yirik hisodagi g’alabani qo’lga kiritdilar.

O’yinning 3-daqiqasidayoq hisob ochildi: Marselo chap qanotdan hujumga o’tdi va to’pni Iskoga tashlab berdi, ispaniyalik yarim himoyachi uni jarima maydoni markaziga uzatdi va Krishtianu Ronaldu to’xtatmasdan zarba berib, hisobni ochdi.

Taym oxirigacha ikki tomonda ham bir qator qulay vaziyatlar bo’ldi, biroq darvozalar daxlsiz qoldi. Ikkinchi bo’lim esa turinliklarning bosimi bilan boshlandi va bu holat bo’lim o’rtalariga qadar davom etdi.

64-daqiqada Jorjo Kellini o’z jarima maydonchasida qo’pol xatoga yo’l qo’ydi, natijada yuzaga kelgan xavfli vaziyatni Buffon bartaraf qilishga erishdi. Qaytgan to’pni Karvaxal jarima maydonchasiga uzatdi va Ronaldu qaychi uslubidagi fantastik zarba bilan Jijini dog’da qoldirdi.

Oradan ko’p o’tmay o’z hissiyotlarini boshqara olmagan Paulo Dibala raqib himoyachisiga nisbatan qo’pol o’ynadi va ikkinchi sariq kartochkasini olib maydonni tark etdi.

72-daqiqada Marselo-Ronaldu-Marselo kombinatsiyasini braziliyalik himoyachi gol bilan yakunladi va hisobni yirik ko’rinishga olib keldi, Ronaldu esa o’z hisobiga golli pas yozib qo’ydi.

Shu tariqa, madridliklar javob uchrashuvi oldidan o’zlariga qulay bo’lgan natijani qo’lga kiritdilar.

YeChL

Chorak final, ilk o’yin

Yuventus (Italiya) - Real Madrid (Ispaniya) 0:3 (0:1, 0:2)

Gollar: 0:1 - 3 Ronaldu, 0:2 - 64 Ronaldu, 0:3 - 72 Marselo.

Yuventus - Buffon, Bardzali, Aleks Sandro, De Shilo, Kellini, Duglas Kosta (Matyuidi, 69), Bentankur, Xedira (Kuadrado, 75), Asamoa (Mandjukich, 69), Dibala, Iguain.

Real Madrid - Navas, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich (Kovachich, 82), Kazemiro, Isko (Asensio, 75), Kroos, Benzema (Vaskes, 59), Ronaldu.

Ogohlantirishlar: Bentankur (26), Dibala (45), Ramos (55), Kovachich (88).

Chetlatish: Dibala (66).

Manba: uff.uz