Kirish

O’zbekiston termasi Turkmaniston darvozasiga javobsiz to’rtta gol urdi

  • Bo'lim: SPORT

Osiyo Kubogi-2019 musobaqasining 2-turidan o’rin olgan Turkmaniston va O’zbekiston terma jamoalari o’rtasidagi uchrashuv o’z nihoyasiga yetdi. “Rashid Stedium”da kechgan bahsda hamyurtlarimiz yirik hisobdagi g’alabani qo’lga kiritishdi. Bu haqda UFF.uz xabar berdi.

Uchrashuv vakillarimizning qator hujumlari bilan boshlandi va bu tez orada o’z samarasini berdi. 17-daqiqada Javohir Sidiqov bo’sh qolgan darvozani ishg’ol qildi.

24-daqiqada Eldor Shomurodov darvozabon birga-bir vaziyatga chiqib bordi va hisobni oshirdi. 40-daqiqada Jaloliddin Masharipov hisobni yirik ko’rinishga olib kelgan bo’lsa, oradan ikki daqiqa o’tib Shomurodov dublini nishonladi.

Ikkinchi bo’lim ham hamyurtlarimizning hujumlari bilan boshlandi va raqib darvozasi oldida yana bir nechta vaziyatga ega bo’lishdi. Biroq tanaffusdan so’ng darvozalar dahlsiz qoldi.

Shu tariqa, O’zbekiston ushbu yirik g’alabadan so’ng guruhda peshqadamlikni qo’lga oldi va pley-off masalasini hal qildi. Uchinchi turda Yaponiyaga qarshi o’yinda qo’lga kiritilgan har qanday ochko bizga birinchi o’rinni taqdim etadi.

O’zbekiston - Yaponiya uchrashuvi 17 yanvar kuni bo’lib o’tadi.

Osiyo Kubogi-2019, 2-tur

Turkmaniston - O’zbekiston 0:4 (0:4, 0:0)

Gollar: 0:1 - 17 Sidiqov, 0:2 - 24 Shomurodov, 0:3 - 40 Masharipov, 0:4 - 42 Shomurodov

Turkmaniston - Mamed O’razmuxamedov, Serdar Annaorazov, Gurbangeldi Batirov, Vazirgeldi Ilyasov, Zafar Babajanov, Mekan Saparov, Ruslan Mingazov, Arslonmurod Amanov (Ilya Tamuxin, 65), Axmet Ataev, Resul Xo’jaev, Vahid O’razsaxedov.

O’zbekiston - Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov (Davron Hoshimov, 46), Anzur Ismoilov, Islom To’xto’xo’jaev, Oleg Zoteev, Otabek Shukurov, Odil Ahmedov (Fozil Musaev, 76), Javohir Sidiqov (Ikrom Aliboev, 68), Jaloliddin Masharipov, Doston Xamdamov, Eldor Shomurodov.

Ogohlantirish: Ismoilov (71).