Kirish
So'nggi yangilanish: 24.09.2018

Apple, Google, Microsoft va boshqalar bir soniyada qancha pul topadi?

Sir emaski, zamonaviy dunyoda IT-kompaniyalar eng serdaromad tashkilotlar qatoriga kiradi. Keyingi yigirma yil ichida ular butun dunyoni elektronikaga «biriktirib», dasturiy ta'minotga «bog'lab», turli «bulutli» servislarga «osib» qo'yishga erishdilar.

O'ylab ko'ring axir - to'laqonli zamonaviy kishining albatta smartfoni va mobil interneti, kompyuter yoki noutbuki, bank plastik kartasi, «bulutli» servislarda akkaunti va shu kabi boshqa narsalari bor. Bularning barchasi o'shalarning ishlab chiqaruvchilari va egalariga katta daromad keltirishda davom etayotir, deb yazadiTerabayt nashri.

Visual nashri turli eng boy kompaniyalarning bir soniyada topadigan daromadini hisoblab ko'rishga qaror qildi. Natija esa kutilganidan ham hayratlanarli chiqdi…

Mazkur reytingga «neft gigantlari»dan tortib internet-servislar va savdo tarmoqlarigacha - barcha yirik kompaniyalar kiritilgan. Xullasi kalom, «pulni ko'chadan supurib olayotgan» tashkilotlarning eng serdaromadlari e'lon qilingan.

Shunday qilib, turli kompaniyalarning bir soniyadagi daromadi quyidagicha :

Apple - $1 444;

JP Morgan Chase - $782;

Berkshire Hathaway - $761;

Wells Fargo - $693;

Alphabet - $616;

Bank of America - $566;

Microsoft - $531;

Johnson & Johnson - $523;

Citigroup - $471;

Altria Group - $450.

Ko'rinib turibdiki, Apple korporatsiyasi dunyodagi eng tez boyib borayotgan kompaniya ekan. Hatto shu reytingda o'zidan keyingi o'rinda kelayotgan JP Morgan Chase bilan solishtirganda ham, kupertinolik gigantning bir soniyadagi daromadi salkam ikki barobarga ortiq, axir! Har bir million dollarini topish uchun «olmali korporatsiya»ga 11-12 daqiqa kifoya…

Mazkur ro'yxatdagi beshinchi o'rinni egallagan Alphabet Inc. esa Google’ga egalik qiluvchi xolding hisoblanadi. Uning daromad olish tezligi bir soniyada 616 dollarni tashkil etadi. Garchi bu ko'rsatkich Apple daromadining yarmiga ham yetmasa-da, umuman olganda chakkimas, nima dedingiz?

Yana bir IT-gigant - Microsoft kompaniyasiga kelsak, uning daromad olish tezligi «anchagina past», ya'ni - soniyasiga «atigi» 531 dollar. Bu esa kupertinolik korporatsiya ko'rsatkichlarining deyarli uchdan bir qismi, axir. Buni tushunish ham qiyin emas - Apple o'z daromadlarining asosiy qismini afsonaviy iPhone smartfonlarini sotish orqali oladi. Microsoft esa asosan dasturiy ta'minot - Windows operatsion tizimi, Office ofis dasturlari to'plami hamda OneDrive «bulutli» servisi ortidan foyda ko'radi.