Kirish
So'nggi yangilanish: 17.08.2018

Bir oy ichida O’zbekistonda Qiwi, “Yandeks.Dengi”, WebMoney va PayPal ish boshlaydi

UzCard kompaniyasi O’zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotgan PayPal bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda kompaniya direktori Ahror Mahmudov Spot internet-nashri bilan suhbatda ma’lum qilgan.

Direktorga ko’ra, kompaniya allaqachon Qiwi, “Yandeks.Dengi” va Webmoney pul o’tkazish tizimlari bilan kelishuvga erishib bo’lgan.

“O’ylashimcha, tez orada PayPal bilan shartnoma imzolaymiz. Buni juda ko’pchilik, ayniqsa mamlakatimiz yoshlari kutishmoqda. Bundan tashqari O’zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun ham bu tizim orqali to’lovlarni amalga oshirish oson bo’ladi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, yaqin bir oy ichida biz to’rttala servisdagi karmonlarni so’m bilan to’ldirish imkonini beruvchi xizmatlarni ishga tushiramiz”, degan Mahmudov.

PayPal, Qiwi, “Yandeks.Dengi” va Webmoney’dagi onlayn-karmonlarni naqd pul bilan, terminallar va infokiosklar orqali, shuningdek, UzCard kartasini ulab qo’yish orqali onlayn-rejimda ham to’ldirish mumkin bo’ladi. Xizmat haqi 1 foiz atrofida bo’lishi aytilmoqda.