Kirish
So'nggi yangilanish: 20.11.2018

O’zbekistonda Facebook va YouTube bilan bog’liq muammolarning sabablari ma'lum qilindi

O’zbekistonda Facebook va “Vkontakte” ijtimoiy tarmoqlariga kirish, YouTube videoxostingidan foydalanish bilan bog’liq muammolar tashqi internet-kanal sig’imini kengaytirish ishlari bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Bu haqda O’zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o’rinbosari Olimjon Umarov 18 oktyabr kuni O’zbekiston va Rossiya mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida “Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusiga asoslanib xabar berdi Turon24.

“Biz internet tezligini oshirish bo’yicha loyiha amalga oshirilishini yakuniga yetkazyapmiz”, - dedi Olimjon Umarov.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil boshida mamlakatda internet tezligini bir necha bor oshirish haqida ko’rsatma bergan edi. AKT sohasini rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan 19 sentyabrdagi yig’ilishda davlat rahbari ushbu topshirig’ini yana bir bor eslatib o’tdi.

AKT vaziri birinchi o’rinbosari Olimjon Umarovning so’zlariga ko’ra, internet tezligini oshirish yo’lida qilingan ishlar “samarasini fuqarolarimiz noyabr oyi oxirida ochiq-oydin his qilishadi”. “Ayni vaqtda zarur apgreyd uchun bir qator uskunalar sotib olinmoqda. Texnik uzilishlar mazkur uskunalarni sinovdan o’tkazilishi, aprobatsiyasi, ularni sozlash ishlari bilan bog’liq bo’lishi mumkin”, - dedi Olimjon Umarov.

O’zbekistonda sentyabr va oktyabr oylarida Facebook ijtimoiy tarmog’iga kirish, undan foydalanish bo’yicha tez-tez muammolar yuzaga keldi. Oktyabr oyi boshidan boshlab esa YouTube videoxostingidan foydalanishda ham o’xshash muammolar yuzaga kela boshladi. Facebook bilan bog’liq holat yuzasidan vakolatli organlar o’z vaqtida bizning aloqamiz yo’q degan mazmunda izohlar berilgan bo’lsa-da, YouTube bilan bog’liq vaziyat bo’yicha shu vaqtgacha biror rasmiy tushuntirish berilmagan edi.