Kirish
So'nggi yangilanish: 18.08.2018

Shamollashda tez tuzalishga yordam beradigan ichimliklar

Shamollaganda suyuqlikni ko’p iste’mol qilish juda muhim. Ammo qanday suyuqlik ichishni ham bilish kerak.

Asal va limonli iliq choy

Shamollagan bo’lsangiz, birinchi navbatda suyuq qora yoki ko’k choy damlab, unga 1 choy qoshiq asal va bir-ikki parrak limon soling. Asal va limonning foydali xususiyatlarini saqlab qolish uchun qaynagan suvga solmaslik lozim.

Jo’ka (lipa) gullari solingan malinali choy

Jo’kaning quruq gullaridan choy damlab, unga quruq malina mevalari va barglarini soling. 30 daqiqa damlab qo’ying. Agar malina mevasi bo’lmasa, murabbosi ham bo’laveradi.

Na’matakli choy

Na’matak S darmondoriga boyligi hech kimga sir emas. Maydalangan quruq na’matak mevasi (3 osh qoshiq) ustidan yarim litr qaynagan suv solib, kechasi termosda qoldiring. Ertalab tindirib, kuniga 4 marta ovqatdan yarim soat oldin yarim stakandan iching.

Klyukva yoki brusnikali mors

Klyukva va brusnika - bakterisid xususiyatlarga ega ajoyib reza mevalar. Mors tayyorlash uchun klyukva yoki brusnika mevasini 3:1 nisbatda shakar bilan ezib aralashtiring. 2 osh qoshiq aralashma ustidan yarim litr iliq suv soling.

Mineral suvli issiq sut

Agar sizda yo’tal paydo bo’lgan bo’lsa, ishqorli suv bilan issiq sut tayyorlang. Bu ichimlik balg’am ajralishiga yordam beradi.

Sarimsoqli sut

Bu tezkor vosita bir kechadayoq oyoqqa turishingizga yordam beradi. Iliq sutga 10 tomchi sarimsoq suvini qo’shish va kechasiga ichish kerak.

Quruq mevali kompot

Sinovdan o’tgan va hammaga bolalikdan tanish quruq mevali qaynatma shamollaganda organizmni mustahkamlash va yumshatuvchi ta’sir ko’rsatish xususiyatlariga ega. 100 g quruq mevani tozalab, yirik mevalarni to’g’rang. Hamma quruq mevalarni yaxshilab iliq suvda yuving. Avval olma va nokni (1 litr suvga 3 osh qoshiq shakar qo’shib) 30 daqiqa davomida qaynating, keyin turshak va qora olxo’rini qo’shing. Qaynatishni tugatishdan 5 daqiqa oldin mayiz va bargakni qo’shing. Tayyor kompotga limon yoki apelsin sharbati, asal qo’shish mumkin.

Limon va zanjabilli choy

Sovuq kunlarda immunitetni mustahkamlab, ish samaradorligini oshirishga yordam beradi. 1 stakan issiq suvni 1 osh qoshiq asal, 1 osh qoshiq limon sharbati, yarim choy qoshiq maydalangan zanjabil ildizi va bir chimdim dolchin bilan aralashtiring. Choyga ozgina quritilgan yalpiz barglarini qo’shish mumkin.

Glintveyn

Shamollashga qarshi qizdiruvchi, foydali ichimlik. Ziravorlarni aralashtirib, 100 ml suv qo’shib, qaynash darajasiga olib boring. Olovdan olib 10 daqiqa tindirib qo’ying. Suzib oling. Apelsinni parraklab to’g’rang. Vino, qaynatma, shakar va apelsin parraklarini aralashtiring. Hammasini qaynash darajasiga olib boring, ammo qaynatmang. Glintveynga asal, olma, mayiz ham qo’shsa bo’ladi. Issiq holida iste’mol qilish kerak. Glintveynni ichiboq, uxlashga yotgan, oyoqqa iliq grelka qo’ygan ma’qul.

Moychechakli choy

Moychechak - shamollashga qarshi yumshoq vosita. Jo’ka va asal bilan uyg’unlashganda viruslarga qarshi kurashadigan yaxshi vositaga aylanadi. 1 choy qoshiq moychechak va jo’ka gulini 1 stakan qaynagan suv bilan 20 daqiqa damlab qo’ying. Suzib oling. Ovqatdan oldin 3 marta 1/3 stakandan iching. Choyga asal qo’shish mumkin.

Manba: tasvir.uz