Kirish
So'nggi yangilanish: 12.12.2018

Anjirning foydali xususiyatlari

Anjirni o’zgacha mazasi, antiqa ko’rinishi sababli jannat mevasi deyishadi. Anjirning asl vatani O’rta Sharq mamlakatlari bo’lib, keyinchalik Arabiston, Suriya, Misr hududlariga olib kelingan. Hozirda bu meva O’rta Yer dengizi mamlakatlari, Kavkaz, Qrim hamda Qora dengiz sohillarida ham yetishtirilmoqda.

Anjir juda mazali, iforli, shakli yapaloq noksimon ko’rinishga ega meva. Rangi qora, oqish, yashilga monand, sariq, ichi to’la mayda urug’dan iborat bo’ladi. Quvvati 100 g mahsulotda 49 kilokaloriyani tashkil qiladi.

Pishgan anjirni qanday tanlaymiz?

Yaxshi pishgan anjir sharbatga to’lgani uchun xomiga nisbatan og’irroq bo’ladi. Buni bilish uchun uni qo’lga olib, ushlab ko’rish kifoya. Agar anjir eski, bir necha kun turib qolgan bo’lsa, yengilligi, terisi bujmaygan, suvi chiqqani yoki achimtir hididan bilinadi. Bunday anjirni iste’mol qilmagan ma’qul.

Yangi uzilgan anjir mevalari silliq va tekis, terisiga zarar yetmagan bo’ladi. Agar anjir juda qattiq bo’lsa ham uni sotib olmaslik kerak. Pishgan anjir barmoq bilan bosganda oson eziladi va yana o’z holiga keladi.

Anjir juda pishib ketgan bo’lsa, suvi chiqib tez ayniydi. Shuning uchun anjirni sotib olgandan keyin sovitkichda bo’lsa ham 2-3 kun turib qolishiga yo’l qo’ymang. Bu tansiq mevani uzilgan kunida yangiligida iste’mol qilishning foydasi ko’proq.

Anjir qoqi o’zining betakror ta’mi va shifobaxshligi bilan barcha uchun sevimli quruq meva bo’lib, tarkibida hatto eng zaiflashgan organizmni ham quvvatlantira oladigan mikroma’danlar bor. Quritilgan anjir oshxonada, ya’ni turli pechenyelar, pishiriqlar tayyorlashda qo’llaniladi.

Ta’kidlash kerakki, bu meva iste’moliga siydik tosh kasalliklarida ehtiyotkorlik bilan yondoshish talab etiladi. Chunki u peshob haydovchi vosita bo’lgani bois siydik ayiruvchi a’zolardagi toshlarni o’z o’rnidan qo’zg’atib kuchli og’riqqa sabab bo’lishi mumkin.

Homilador ayollar, vazn ortishiga moyilligi borlar anjirni ko’p yeyishdan o’zini tiygani ma’qul, chunki u ishtaha kuchayishiga va ortiqcha vaznga sabab bo’lishi mumkin. Shuningdek u moddalar almashinuvini faollashtirishga hissa qo’shadi.

Bargi teridagi oq dog’larni yo’qotadi

Teridagi oq dog’larni davolashda anjir barglari yordamga keladi. Bunda anjir barglari maydalanib, 2 osh qoshiq hajmga keltiriladi. Ustidan 400 ml qaynoq suv quyiladi va 1,5 soat tindirib qo’yiladi. Bu malhamdan kuniga 3 mahal ovqatdan 20 daqiqa oldin dokadan o’tkazib, 100 mg miqdorida ichiladi. Bargidan chiqadigan suyuqligi teridagi dog’larga surtiladi. Bu usul oq dog’lar (vitiligo)ni kamaytirishga yordam beradi.

Manba: hordiq.uz