Kirish
So'nggi yangilanish: 20.11.2018

Qanday odamlar hech qachon kasal bo’lishmaydi?

Qish - shamollash va gripp mavsumi. Bu mavsumning salbiy ta’siridan saqlanish uchun nafaqat havoga qarab kiyinish, balki organizm zaiflashmasligi, immunitet mustahkam bo’lib qolishi uchun ma’lum qoidalarga amal qilish ham kerak. Mustahkam immunitet o’z-o’zidan shakllanib qolmaydi, uni mustahkamlab borish zarur.

Quyida hech qachon kasal bo’lmaydigan odamlarning sirlarini bilib olishingiz mumkin.

Ko’p suv ichishadi

Bilib suv ichish - mustahkam sog’liq garovi. Sir emaski, organizmimiz asosan suvdan iborat. Biz har kuni ma’lum miqdordagi suvni yo’qotamiz. Yo’qotilgan suv o’rni to’ldirib turilmasa, suvsizlanish va uning asoratlari yuz berishi mumkin: immunitet zaiflashadi, hazm qilish tizimi yaxshi ishlamaydi, charchoq ketmaydi.

Suv organizmni zaharli moddalardan tozalaydi. Jigar va buyraklar samaraliroq ishlaydi. Natijada organizm virus va bakteriyalar faol ko’payadigan noma’qul muhitdan himoyalanadi.

Shakardan voz kechishadi

Ilmiy tadqiqotlar davomida shakar immunitetni 17 barobar tushirishi ma’lum bo’ldi. Oqibatda organizm zaiflashib, viruslar va infeksiyali kasalliklar qarshisida ojiz bo’lib qoladi. Agar immunitetni yuqori darajada saqlashni istasangiz, shakardan butkul voz kechishingiz yoki iloji boricha kam iste’mol qilishingiz kerak.

Oson ishdan boshlang: ichimlikka shakar qo’shmang, taomnomadan gazli ichimliklarni olib tashlang, do’kondan qaylalar xarid qilmang, ertalab bulochka o’rniga reza mevalar qo’shilgan tabiiy yogurt iste’mol qiling.

Sabzavot va meva yeyishadi

Sabzavot va mevalar har bir sog’lom odamning taomnomasida bo’lishi zarur. Ularda ko’p miqdorda vitaminlar, antioksidantlar, minerallar va kletchatka mavjud bo’lib, organizm me’yorida ishlashi uchun nihoyatda zarur.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti har kuni turli meva va sabzavotlardan besh hissa eyishni tavsiya etadi. Meva va sabzavotlarni yangiligi yeb qolmay, toblab iste’mol qilish ham mumkin. Aksariyat meva va sabzavotlar hatto yuqori harorat ta’sirida ham foydali xususiyatlarini saqlab qoladi.

Tabiiy qo’shimchalarga bee’tibor bo’lishmaydi

Oziq-ovqat sanoati yuqori sur’atda rivojlanmoqda. Supermarket tokchalarida sog’lom mahsulotlar turi shu darajada ko’payyaptiki, birontasini tanlash qiyin.

Superfudlar foydasiga dorilardan voz keching. Sog’lig’iga e’tiborli har bir insonning taomnomasida bunday mahsulotlar mavjud. Achchiq shokolad, zig’ir urug’i, kerob, kinoa, chernika, keyl karami, mattya kukuni - bu mahsulotlarda organizmning himoya kuchlarini oshirib, tana a’zolari ishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadigan foydali moddalar jamlangan.

S vitaminini esdan chiqarishmaydi

S vitamini immunitet mustahkam bo’lishi uchun zarur. Bu modda organizmning himoya kuchini oshirib, turli virus va bakteriyalarga qarshiligini ta’minlaydi. Sog’lom odamlar buni bilishadi va kunni limonli suv ichishdan boshlashadi.

S vitamini faqat sitrus mevalarda mavjud emas. Agar uni taomnomangizga qo’shib, sog’lig’ingizni mustahkamlashni istasangiz, chakanda, qora qorag’at, na’matak, kivi, bulg’or qalampiri, chetan, karamning hamma turi, bodrezak, ertut va apelsinni tanlang.

Taomga ko’kat qo’shishadi

Agar ko’katni ko’p iste’mol qilmasangiz, bu xatoni tuzating. Ko’kat - antioksidantlar, A va E vitaminlari, minerallar, organik kislotalar va kletchatkaga boy. Bu moddalarning hammasi immunitetni sezilarli darajada mustahkamlab, organizmning himoya kuchlarini oshiradi.

Qatiq mahsulotlarini yaxshi ko’rishadi

Ichakning holati bevosita butun organizmning salomatligi bilan bog’liq. Sog’lom mikroflora odamning holatiga va kayfiyatiga, shuningdek, boshqa a’zolar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ichak mikroflorasi chatoq bo’lsa, virus va infeksiyalar odamga yopishaveradi. Ichak mikroflorasi sog’lom bo’lishi uchun taomnomada qatiq mahsulotlari bo’lishi zarur. Kefir, qizg’ish qatiq, prostokvasha, tabiiy yogurt, qatiq - o’zingizga yoqadigan ta’mdan bahramand bo’ling.

Manba: Tasvir.uz