Kirish
So'nggi yangilanish: 21.05.2018

EYFEL MINORASI HAQIDA SIZ BILGAN VA BILMAGAN 10 FAKT

#1. Minora qurilayotgan paytda uning 100 yildan ortiq vaqt turishini loyiha muallifi injiner Gyustav Eyfel ham kutmagan edi. Eyfel minorasi 1889-yilgi Butunjahon ko’rgazmasi uchun eksponat sifatida qurilgan bo’lib, 20 yil saqlanishi ko’zda tutilgan edi. Fransuz inqilobining 100 yilligiga bag’ishlangan loyihalar tanlovida Aleksandr Gyustav Eyfel g’olib bo’lgan edi.

#2. Eyfel minorasining balandligi 324 metr bo’lib, ochilgan paytdan boshlab 41 yil davomida 1930-yilgacha dunyodagi eng baland inshoot bo’lgan.

#3. Minora qurilishida oliy sifatli po’latdan foydalanilgan. Po’lat konstruksiyalarning ja’mi og’irligi 9441 tonna bo’lib, 18038ta bo’lak birlashtirib chiqilgan.

#4. 1912 yilda  bir kashfiyotchi o’zining palto-parashyutini sinab ko’rish uchun minoradan pastga sakragan va oqibatda halok bo’lgan.

#5. Texnika yuqori darajada taraqqiy etgan hozirgi davrda ham minorani oddiy mo‘yqalam bilan bo’yashadi. Bo’yash ishlari har yetti yilda amalga oshiriladi.

#6. Minoraning birinchi va ikkinchi platformalarida restoranlar joylashgan. Birinchi platformaning balandligi 95 metr bo’lib, restorandan Sena daryosi shundoq ko’rinib turadi. Ikkinchi platformadagi restoran esa “Jyul Vern” restorani bo’lib, unga kirish uchun ancha avvaldan joy band qilishga to’g’ri keladi.

#7. Ikkinchi jahon urushi paytida nemislar Parijni egallaganda parijliklar minora liftini buzib qo’yishgan. Maqsad bosqinchilar minoradan turib shaharning go’zlalligidan zavqlanishiga yo’l qo’ymaslik edi. Lekin bu dushmanni Eyfel minorasiga chiqishdan to’xtatib qola olmagan. Gitlerning shaxsan o’zi zinapoyada minora tepasiga chiqqan.

#8. Hozirda Eyfel minorasining ko’plab kichikroq nusxalari mavjud bo’lib, ular Las-Vegas, Kopengagen, Guanchjou, Slaboziya, Varna kabi shaharlarda joylashgan.  Shuningdek, Farg‘onalik Komiljon ham Jo‘rayev Eyfel minorasining nusxasini yasagan. Mazkur minorani qurish uchun 10 tonna armatura ishlatilgan bo‘lib, uning bo‘yi 21 metr va tepasiga 1,5 metr diametrdagi futbol to‘pi o‘rnatilgan. Qurilishga 45 kun sarflangan. Chet eldan kelgan sayyohlar, xususan, fransuzlar ham O‘zbekistondagi Eyfel minorasini tomosha qilmoqda.

#9. Qurilgan paytdan boshlab 83 yil davomida minorani 20 martadan ortiq sotib yuborishgan, hatto ikki marta metallolomga.  Ulardan eng mashhuri dunyodagi eng iste’dodli tovlamachi deb tan olingan Viktor Lyustig  edi.  Fransiya pochta va telegraf vazirining o‘rinbosari ekanligini hech shubhasiz tasdiqlaydigan soxta hujjat bilan u metall parchalarini sotib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan oltita yirik firmalarning vakillariga rasmiy maktub yubordi. Ikki kundan so‘ng ertalab qora metallni ikkilamchi qayta ishlash bo‘yicha besh nafar diler «Kriyon»ning hashamatli saroyida to‘plandi. Chaqqon ofitsiantlar mehmonlarni kokteyllar va taomlar bilan siylashar, nihoyat, yoqasiga «Faxriy Legion» ordeni belgisini taqqan Lyustig paydo bo‘ldi. U to‘g‘ri vakil janoblarining oldiga kelib, respublika prezidenti va shahar meriyasi nomidan biznesmenlarga amaliy taklif bilan murojaat qildi. Uch kundan so‘ng puldorlar buziladigan minorani sotib olish uchun kimoshdi savdosida qatnashishga ariza berishdi. Bitimlar juda tez va hech qanday to‘siqsiz tuzildi. Tomonlar yoqimtoy tabassum bilan bir-birlarining qo‘llarini siqib xayrlashishdi. Minora «Puasson» firmasining egasi Andre Puassonga sotildi. Eyfelning buzilmasligi ma’lum bo‘lganda esa Lyustig chamadon to‘la pul bilan allaqachon Venaga qochib ketgandi. Qizig‘i shundaki, oradan bir necha yil o‘tib, Lyustig yana Parijga qaytadi va ikkinchi marta Eyfelni sotish harakatiga tushadi. O‘sha usul, o‘sha qoidalar bilan. Ammo bu gal uning ishi yurishmaydi.

#10.  Minora memori Aleksandr Gyustav Eyfel, shuningdek, 1885 yilda Ozodlik haykali qurilishiga ham bosh-qosh bo’lgan.