Kirish
So'nggi yangilanish: 16.10.2018

”KECHA” va ”ERTA” Orollari

Diomida orollari – AQSH va Rossiya o’rtasidagi chegara bo’lib, Alyaska va Sibirning orasida, Bering bo’g'ozi o’rtasida joylashgan. Diomida orollari ikki oroldan tashkil topgan bo’lib, Katta Diomida Rossiya, Kichik Diomida esa AQSH tarkibiga kiradi. Orollar o’rtasidagi masofa bor-yo’g'i 3.8 km bo’lsa-da, ular o’rtasidagi soat farqi 23 soatga teng ya’ni ikki orolni soat demarkatsion chizig’i ajratib turadi. Bu chiziq ayni paytda sana almashish chizig’i ham hisoblanadi. Shuning uchun ularni ‘‘kecha oroli‘‘ va ‘‘erta oroli‘‘ deb ham atashadi. Ikkala orol ham qoyalar va daralardan iborat. Iliq oylarda orollarni ko’pincha tuman qoplab oladi. Qishda esa ikki orolni bog’lovchi muz ko’prik hosil bo’ladi. Ana shu paytda Rossiyadan AQSHga piyoda borib kelish mumkin bo‘ladi. Albatta bu faqat nazariy jihatdan xolos. Aslida esa Bering bog’ozini ruxsatsiz kesib o’tish qonunan taqiqlanadi.

Orollarda birinchi bo’lib 3000 yil avval eskimoslar yashay boshlaganlar. 1648-yilda rus tadqiqotchisi Semen Dejnev orollarga qadam qo’ygan birinchi yevropalik inson bo’ldi. 1728 yil 16-avgustda  esa Beris Bering ushbu orollarni qayta kashf etgan.  Rossiya 1867-yilda Alyaskani AQSHga sotgan payt Kichik Diomida ham shartnomaga kritilgan va ikki orol o’rtasida yangi chegara belgilangan.

Garchi ikki orol siyosiy jihatdan ajratilgan bo’lsada, qarindosh-urug’cihlik aloqalari davom etaverdi. Tumanli kunlar boshlanishi bilan ikki orol o’rtasida mehmondorchilikka borish mavsumi boshlanar edi. 1940 yilarning ohiriga kelib ‘’Sovuq urush’’ boshlanishi bilan, Katta Diomida harbiy bazaga aylantiriladi hamda tub aholi boshqa hududlarga ko’chirilib, orollar o’rtasidagi qarindosh-urug’chilik rishtalari butun umrga uzib qo’yildi. Kichik Diomida orolning ko’pchilik aholisi ham qit’aga ko’chirilgan bo’lsa-da, orolda yashab qolganlar bor edi. Hozirda u yerdagi Diomida qishlog’ida yashovchi eskimoslar soni 170 kishi atrofida bo’lib, ular baliq va qisqichbaqa ovlab kun kechirishadi. Orolga pochta va oziq-ovqat barjalarda keltiriladi.