Kirish
So'nggi yangilanish: 19.08.2018

Ko'z o'ngimizda cho'kib ketishi mumkin bo'lgan mamlakatlar

Global isish kelgusi bir necha o‘n yilliklar mobaynida dunyo xaritasiga sezilarli o‘zgartirishlar kiritishi mumkin: qator orol davlatlar cho‘kib ketib, materiklarda joylashgan ba’zi davlatlarning qirg‘oqlari qisqarishi kutilmoqda. 

Maldiv orollari

1192 ta orolchadan iborat 20 ta atolldan tashkil topgan Maldiv orollari cho‘kib ketish uchun eng asosiy da’vogarladan hisoblanadi. Orollardagi eng baland nuqta Hind okeani sathidan 2,3 metrni tashkil etishi buning isbotidir. Suv sathi orollarda oshib ketgan taqdirda Hindiston yoki Shri-Lankadan yordam so‘rash rejalashtirilgan.

Kiribati

Kiribati Respublikasi joylashgan 33 atolldan 32 tasi Tinch okeani sathidan 2 metr balandlikda joylashgan. Qo‘shni Fijidan yer sotib olayotgan davlat oxirgi chora sifatida Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan ham kelishib qo‘ygan.

Boshqa orollar

Shuningdek, Marshall orollari, Tuvalu, Tonga, Mikroneziya Federativ shtatlari, Kuk orollari, Antigua, Nevis kabi orollar ham dengiz sathi ko‘tarilmasligidan umid qilishadi.

Rossiya

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri, Yamal yarimoroli, Murmansk, Arxangelsk viloyatlari suv ostida qolishi mumkinligi taxmin qilinadi. Biroq rossiyalik iqlimshunoslar bu masalaga optimistroq kayfiyatda qaraydi.

Yevropa

Yevropada ham dengiz sathi ko‘tarilishidan ozor chekishi mumkin bo‘lgan hududlar talaygina. Eng katta da’vogar esa− Gollandiya. Kopengagen, Antverpen, London va Venetsiya Yevropaning bu boradagi tahdidi eng yuqori bo‘lgan shaharlari hisoblanadi.

Venetsiya

Suv ustida joylashgan mashhur italyan shahri 2028-yilda yashashga yaroqsiz bo‘lishi, 2100-yilga borib esa butunlay suv ostida qolishi mumkin. Italiya hukumati tarixiy shaharni saqlab qolish yo‘llarini izlamoqda, jumladan to‘g‘onlar tizimi loyihasi ishlab chiqilgan. Biroq uni amalga oshirish kechikib ketgan, ko‘plab amaldorlar bu masalada korrupsiyaga aralashganlikda ayblanib qamalgan.

Osiyo

Osiyoda cho‘kib ketishi mumkin bo‘lgan hududlar qatoriga Bangladesh davlati, Bombey, Bangkok shaharlari, Xitoy sohillari, jumladan Shanxay kiradi.

Bangladesh

Dunyodagi aholi zichligi eng yuqori bo‘lgan davlatlardan biri o‘n millionlab aholini yuqoriroq hududlarga ko‘chirishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Bangkok

Tailand poytaxti har yili 5 santimetrdan cho‘kib bormoqda. 5,6 million aholiga ega shaharning osmono‘par binolari tuproq uchun ham o‘ta og‘irlik qilmoqda.

Afrika

Afrika suv toshqinidan ko‘ra qurg‘oqchilikdan ko‘proq aziyat chekadigandek ko‘rinadi, biroq dengiz ushbu qit’adan ham ustun kelmoqda. Jumladan, Gambiya poytaxti Banjulda okean sathi ko‘tarilishi va tuproq yemirilishi oqibatida sohil chizig‘ini mustahkamlashga to‘g‘ri kelyapti.

Avstraliya

Avstraliya atrofidagi okean sathi so‘nggi yuz yilda 20 santimetrga oshgan. Yashil qit’a sohillaridagi suv darajasi jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch marotabaga ko‘p. Eng muhimi, Avstraliyaning cho‘kishga moyil sohillarida aholining 80 foizi yashaydi.

AQSh

Florida, Luiziana, Nyu-Jersi, Kaliforniya, Shimoliy Karolina shtatlarida joylashgan 1400 dan ortiq shaharda suv toshqini xavfi mavjud. Nyu-York, Yangi Orlean, Los-Anjeles kabi yirik shaharlar ham dengiz sathi ko‘tarilishidan aziyat chekishi mumkin.

Janubiy Amerika

Urugvay va Argentina qirg‘oqlari dengiz ostida qolish ehtimoli eng yuqori hududlar sirasiga kiradi. Argentinaning Buenos-Ayres viloyatida joylashgan Lago-Epekuen shahri esa to‘g‘on buzilishi oqibatida suv ostida qolib, Yangi Atlantida nomini olishga ulgurgan.

Manba: daryo.uz