Kirish
So'nggi yangilanish: 19.10.2018

Sirdaryo viloyati

Maydoni 4,3 ming km.kv. Aholisi 750 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati).   Shaharlar aholisi 325 ming kishidan ortiq. Qishloq aholisi 425 ming kishidan ortiq. Sirdaryo viloyatida 8 ta tuman, 5 ta shahar va 21 ta shaharcha mavjud. 

Sirdaryo viloyati Mirzacho‘lning o‘zlashtirilgan qismlarini hamda qisman Qizilqum yerlarini o‘z ichiga oladi. Viloyatda o‘zlashtirishga yaroqli yerlar ko‘p. Ammo tabiatiga xos ayrim noqulayliklar tufayli dehqonchilikda ko‘pgina mehnat, mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi.

Tabiatning noqulayliklarini bartaraf etmoq uchun ihota daraxtzorlari barpo etish, yerosti suvlarini zovurlar qazib qochirish va tuproqni yuvib turish talab etiladi. 

So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida ekinzorlar maydoni 300 ming gektardan oshib ketdi. Shimoliy va Janubiy Mirzacho‘l kanallari va yuzlab suv shoxobchalari qurildi. Sirdaryo viloyatida qadimgi kanallarning izlari, sardobalar bor. XV asrda Shohruh Mirzo va Mirzo Ulug‘bek Sirdaryodan Mirzacho‘lga kanal orqali suv keltirgan. O‘zlashtirilgan yerlarda asosan dehqon-fermer xo‘jaliklari tashkil qilindi.

Sirdaryo viloyatida mamlakat aholisining 2,5 foizi yashaydi. Aholining 90% dan ziyodi sug‘oriladigan hududlarda joylashgan. Yangi yerlarni o‘zlashtirish maqsadida boshqa viloyatlardan ishchi kuchlari jalb etilgan. Endilikda viloyat о‘z ishchi kuchlari bilan ma’lum darajada ta’minlangan.

Qishloq xo`jaligining asosiy tarmog`i: paxtachilik, donchilik, polizchilik, go`sht-sut chorvachiligi

Sanoatning asosiy tarmoqlari: elektroenergetika, yengil (paxta tozalash), oziq-ovqat, un-yorma

Sirdaryo viloyati xo‘jalik negizini qishloq xo‘jaligi tashkil qiladi. Ekin maydonlarining kattaligi jihatidan viloyat respublikada oldingi o‘rinda turadi. Ekin Sirdaryo viloyati  maydonlarining deyarli yarmiga paxta ekiladi. Undan keyingi o‘rinlarda don, ozuqa, meva-sabzavot va sabzavot-poliz ekinlari turadi. Guliston va Xovos tumanlarida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi. Bog‘ dorchilik va tokchilik ham rivojlangan 

Viloyatda sanoat zalvori bo‘yicha  qishloq xo‘jaligidan keyin turadi. Bugungi kunda 80 dan ortiq sanoat korxonasi mavjud. Viloyat sanoatining asosini elektr energiya ishlab chiqarish tashkil etadi. 

Shirin shahridagi Sirdaryo GRES, Gu­liston shahridagi yog‘-ekstraksiya zavodi, Yangiyer shahridagi qurilish materiallari va konstruksiyalari kombinati va viloyat paxta tozalash zavodlari yirik sanoat korxonalari sanaladi. Vi­loyatda o‘nlab qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shaharlari. Viloyatda 5 ta shahar bor. Guliston - viloyatning ma’muriy markazi. Shahar temiryo‘l va magistral avtomo­bil yo‘li ustida joylashgan. U shahar maqomini olganiga yarim asrdan oshdi. Shaharda paxta tozalash, yog‘-ekstraksiya, non zavodlari va elevator ishlab turibdi. Shuningdek, ta’mirlash- mexanika va uysozlik zavodlari, hunarmandchilik kombinati, tikuvchilik fabrikasi va boshqalar bor. Shaharda universitet, bir necha o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va boshqa madaniy-maishiy muassasalar bor.

Yangiyer (37 ming kishi) 1957-yilda bunyod bo‘lgan. Shaharda sopol quvurlar hamda yuqori bosimga chidamli quvurlar ishlab chiqaradigan zavod, temir-beton buyumlari kombinati bor. Kombinat elektr machtalari, beton tamov (lotok)lar va unga mo‘ljallangan taglik ishlab chiqaradi. Shaharning geografik o‘rniga xos noqulayliklar uning rivojlanishiga salbiy ta’sir etmoqda.