Kirish
So'nggi yangilanish: 12.12.2018

Ingliz tilidagi 14 ta mashhur so’z arab tilidan kelib chiqqanini bilasizmi?

  • Bo'lim: BLOG

“Kundalik nutqimizda ko’plab xorij tillardan kirib kelgan so’zlar va iboralarni qo’llaymiz”, deydi Turon24ga taqdim etgan maqolasida o’zbekistonlik mutaxassis, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov. Quyidagi maqolada u ingliz tiliga turli sabablar bilan kirib borgan va o’zlashtirilgan ayrim arabcha so’zlarni izohlab beradi.

Aslini olganda, inson ularning aksariyati chet tilidan kirib kelganini bilmaydi ham. Har qanday boshqa tilga o’xshagan holda, ingliz tilida ham boshqa tillardan kelgan “transfer” so’zlar ko’p uchraydi. Ularning ba'zilari ingliz tili maqomiga moslashgan, ammo ba'zilari esa asl ko’rinishida qolgan. 17-asrdan boshlab 19-asrning oxirigacha Angliya dunyoning imkoni boricha ko’proq hududlarini bosib olish fikri bilan band edi. Haqiqatan ham, shunday davr bo’ldiki, odamlar “Britaniya imperiyasi hududida Quyosh hech ham botmaydi”, deyishardi - bu jajji orol-mamlakat sayyoramizning shunchalik katta qismini egallagan ediki, Britaniya hududlari yoki mustamlakalarining qaysidir biridan doimo Quyosh chiqib turgan bo’lardi. O’z-o’zidan kelib chiqadiki, asrlar davomida o’zi bosib olgan mamlakatlardan Britaniya ko’plab narsalarni o’zlashtirib oldi, biroq ushbu narsalarning biri til ekanligi kishining xayoliga ham kelmaydi.

Ingliz tili O’rta yer dengizi hududi mamlakatlarining birlashgan dasturxoniga o’xshaydi. Unda tonnalab “kolbasa” va “kruassan”lar, “nisuaz salatlari” va “shokoladli sufle”lar mavjud. Ya'ni, ingliz tili asosan lotin, nemis va fransuz so’zlari ildizlaridan tuzilgan. Shu tufayli rang-barang ma'noli boy til paydo bo’lgan. Biroq ushbu ziyofatga o’zgacha ta'm beruvchi, odatda sezib, aniqlashning imkoni bo’lmagan boshqa tillar ham mavjud. Ingliz tilini achchiqqina iliqlik bilan boyitgan, unga har tomondan gazaki ta'm berib turadigan arab tilidan kirib kelgan so’zlar ham bor.

Arab tili dunyoning qadimiy, turli variantlarga boy va go’zal yozuvi bor tillaridan biridir. Arab tilida qariyb 400 mln odam so’zlashadi va shu tufayli u dunyoning so’zlashadigan aholisi soniga ko’ra, tuziladigan ro’yxatning eng yuqorisida turuvchi 5 ta til qatoriga kiradi. Mavrlar (Moors) bosqini davridan beri arab tilining ispan tiliga o’tkazgan kuchli ta'siri yaxshi ma'lum, ammo ingliz tilida odatda qo’llaniladigan so’zlarning soni haqiqatda arab tilidan kirib kelgani ommaga ma'lum emas. “Mavrlar” atamasi, asosan, O’rta asrlarda Mag’rib, Pireney yarim oroli, Sitsiliya, Sardiniya, Korsika va Maltada yashagan musulmon aholiga borib taqaladi. Dastlab mavrlar Mag’ribning tub aholisi - berberlardan kelib chiqishgan. Yevropada ushbu atama kengroq, biroz kamsitish ma'nosida umuman musulmonlarga, xususan, Ispaniyada yoki Shimoliy Afrikada yashashlariga ko’ra kelib chiqishi arab yoki berber bo’lgan shaxslarga nisbatan qo’llanilib kelgan. 711 yilda shimoliy Afrikadan askarlari asosan mavrlardan tashkil topgan qo’shin Ispaniyani bosib oldi. Tarixda bu voqea Ummaviylar fathi deb ataladi. Shundan so’ng Pireney yarim oroli mumtoz arab tilida al-Andalus deb atala boshlandi. Mamlakat gullab-yashnagan davrda Septimaniyaning katta qismi va hozirgi kun Ispaniya va Portugaliyani o’z ichiga olgan. Barcha so’zlar ingliz tiliga to’g’ridan-to’g’ri kirib kelmagan; odatda lotin, turk, fransuz, ispan, nemis yoki italyan tillaridan filtrlanib o’tgan, arab tilidan chiqib ketgani uchun bu so’zlarning shakli, ba'zan esa ma'nosi o’zgargan.

Quyida ularni ro’yxat shaklida keltiramiz:

1. Zero (nol)

Siz ushbu matnni o’qib turgan elektron uskunasi raqamli dasturlashsiz mavjud bo’lmagan bo’lardi. Raqamli dasturlash esa 0 (zero) raqamisiz mavjud bo’lmas edi. Yevropaliklar 13-asrning dastlabki yillarida italyan matematigi Fibonachchi muomalaga kiritmaguncha nol raqami mavjud emas, degan fikrda edilar. Fibonachchi nol raqami bilan Shimoliy Afrikada arab madaniyatini o’rgangan davrida tanishgan. U arab tilidagi “bo’sh” yoki “hech nima” degan ma'noni anglatuvchi “sifr” so’zini olgan va biroz lotinlashtirib zefirum (zephyrum) so’zini qo’llagan. Vaqt o’tgan sayin bu so’z ham o’zgarishlarga uchrab, italyan tilidagi zero (nol) shaklini oldi. Albatta, tushunchaning o’zi bilan birga, Fibonachchi uni yozuvda ko’rsatishi ham kerak edi. Rim raqamlari orasida nol mavjud emas edi (qayerdan ham bo’lsin), nima bo’lsa-da, rim raqamlari bilan o’nlik sonlarni ifoda qilishning imkoni yo’q: XX ni LXVII ko’paytirishdan ko’ra 20 ni 67 ga ko’paytirish ancha osonroq kechadi. Shuning uchun Fibonachchi arab raqamlarini muomalaga kiritdi va shu sabab tipograflar ushbu raqamlarni “arab raqamlari” deb atashadi. Bu raqamlarning arab yozuvidagi shakllari biz odatlanib qolgan raqamlardan biroz farq qiladi.

2. Alcohol (spirt)

Spirt (alcohol) so’zi ham arab tilidan kelganini bilasizmi? So’z kirib kelgan, ammo uni anglatuvchi ashyo emas. Ushbu suyuqlik va so’z birligi Yevropaga arab dunyosidan 12-asrda kirib kelgan. Arab tilidagi manba so’z - “al-kuhl” ko’zlar uchun ishlatiladigan kosmetik kukun ma'nosida ishlatiladi. Ushbu so’z mahsulotni tegishli mineraldan ajratib olish jarayonidan kelib chiqqani va yevropalik kimyogarlar alcohol (alkogol) so’zini ajratib olish yoki distillyatsiya yo’li bilan ishlab chiqariladigan har qanday mahsulotga nisbatan ishlata boshlaganlar. Biroq keyinchalik bu atama butunlay “uzumdan olingan spirt” (ya'ni, uzum sharbatini distillyatsiya qilish yo’li bilan olinadigan spirt) ma'nosida ishlatila boshlandi.

Bu so’zning kelib chiqishi borasida ikki xil ehtimol mavjud: birinchi nazariyaga ko’ra alcohol so’zi antiseptik (etanolga o’xshash) va ko’z bo’yash maqsadida (mushuk-ko’zni kashf qilgan Kleopatra) ishlatilgan nafis kimyoviy kukun al-kuhl (al-kuhl) so’zidan kelib chiqqan. Boshqa bir nazariyaga ko’ra, bu so’z “ruh” yoki “shayton” ma'nosini anglatuvchi al g’ovl (al-ghawl) so’zidan kelib chiqqan (ingliz tilidagi ghoul (vampir, qabriston o’g’risi) so’zining kelib chiqishi ham shundandir). Ikkinchi nazariyaning asosi bu ehtimolga ancha yaqin bo’lsa kerak: inglizlar spirtli ichimliklarni ruhlar ma'nosini ham beruvchi spirits so’zi bilan ifoda etishadi. Buning ustiga, ichkilikdan keyin tongda bosh og’rishi ham shayton ishiga xos.

3. Shakar (Sugar)

G’arb dunyosi aholisi ko’plab totli his va tuyg’ularni olib kelganlari uchun arab savdogarlaridan minnatdor bo’lishlari kerak. Savdogarlar G’arbiy yevropaliklarga birinchi bo’lib shakar olib kelishgan (dastlab italiyaliklar va fransuzlarga, ulardan inglizlarga), unga qo’shib sanskrit tilidan o’tgan sharkara so’zidan kelib chiqqan sukkar so’zini kiritishgan.

4. Kofe (Coffee)

Ingliz tiliga ushbu so’z italyan tilidagi turkcha qahva (kahve) so’zidan kelib chiqqan caffè so’zidan kirib kelgan. Turklar esa bu so’zni arablarning qahva so’zidan olishgan. Ushbu ichimlik mahsulotini yevropaliklar Arabistondan (Turkiya orqali Italiyaga va keyin Yevropaning qolgan qismlariga); arabistonliklar esa Sharqiy Afrikadan keltirishgan.

Agar quyuq filtrlanmagan kofeinli ichimlik bo’lmish turk qahvasining tayyorlanishini bir tasavvur qilib ko’rsangiz, kofe so’zining kelib chiqish tarixiga yaqinlashasiz. Qahva Turkiyaga kirib kelgan, ammo u yerda paydo bo’lmagan. Dastlab Habashiston(Efiopiya)da paydo bo’lib, 15-asrda qahva Yaqin Sharq mamlakatlariga kirib kelgan (dastlab Yamanga keltirilgan) va bu mamlakatlarda qahva nomini olgan. Arab tilidagi ushbu so’z “bosh og’rig’ini keltirib chiqarmaydigan” ma'nosini berib, qahva dastlab ishtaha ochuvchi (quyuq) to’q rangli musallasga nisbatan ishlatilgan.

5. Apelsin (Orange)

Dastlab Janubiy va Sharqiy Osiyoda madaniylashtirilgan apelsin sanskrit tilida naranga (naranga) nomi bilan ma'lum bo’lgan. Fors tiliga narang shaklida, undan arab tiliga naranj shaklida o’tgan. Arab savdogarlari apelsinni Ispaniyaga olib kelishgan, ispan tilida naranja so’zi bilan tanilgan. Apelsinlar Fransiyaga un norenge, keyinroq zamonaviy fransuz tiliga une orange bo’lib o’tgan. So’ngra inglizlar bu so’zni fransuz tilidan oranj (orange) shaklida qabul qilishgan.

6. Qand/shirinliklar (Candy)

Ingliz tilidagi candy (qand/shirinlik) so’zi ham arab tilidagi kristallangan shakarqamish sharbatini anglatuvchi qand so’zidan olingan. Arablar bu so’zni forslardan olishgan, forslar esa sanskrit tilidagi (sanskrit tiliga o’z navbatida dravid tillaridan o’tgan) “qamish shakari” va “qotirmoq yoki kondensatsiyalashtirmoq” so’zlaridan olishgan; 13-asrga kelib bir semantik doiradagi ushbu ikki ma'no qo’shilib, uyg’unlashib ketgan. 13-asrning oxirida qand (candy) “kristallashgan shakar” ma'nosida ishlatila boshlangan.

7. Sirop (Syrup)

Arab tilidan ingliz tiliga shakar va qand so’zlari kirib kelgandan keyin bu tildan “sirop” so’zi ham kirib kelgan. Bu holatda ma'no kelib chiqqan so’z ichimlik ma'nosini beruvchi sharabdir (sharob): musallas, meva sharbati yoki undanda shirinroq biror narsani anglatadi.

8. Paxta (Cotton)

Paxta aslida Arabistondan yetishtirilmagan - u Hindiston, Markaziy va Janubiy Amerikadan hamda boshqa hududlardan kelib chiqqan, biroq G’arbiy yevropaliklar arab savdogarlari bilan tijorat yuritganliklari sababli amerikaliklar ham, yevropaliklar ham arab tilidagi qutn (qutn) so’zini qabul qilishgan.

Paxta (cotton) so’zi arab tilining Misrda tarqalgan variatsiyasidagi qutn so’ziga borib taqaladi, qutn esa undan qadimiyroq linen (surp) yoki flax (zig’ir poyasidan qilinadigan mato) so’zlaridan kelib chiqqan. Bugungi kunda Misr paxtasi eng yuqori sifatli mahsulot bo’lgani sababli ba'zi tadqiqotchilar qadim zamonda paxta noyob mahsulot bo’lgan (yoki umuman mavjud bo’lmagan), shuning uchun uning o’rnida qadimgi misrliklar surp va zig’ir poyasidan to’qiladigan matodan keng foydalanishgan va ular bu matolarni qutn deb atagan bo’lishlari mumkin, deb o’ylaydilar.

9. Limon (Lemon)

Sariq rangli ushbu sitrus meva sitrus so’zining arab tilidagi muqobili - limo’n (līmūn) so’zidan kelib chiqqan bo’lishi mumkin. Zamonaviy arab adabiy tilida limon so’zi laymuun (laymuun) deb talaffuz etiladi.

10. Oynoma/jurnal (Magazine)

Jurnal yaxshilab sayqal berilgan nasr saqlanadigan vositaning o’zi, shu sababdan ingliz tilida magazine deyiladi - so’zning kelib chiqishi “ombor” ma'nosini anglatadi. Harbiylar ushbu so’zni shu ma'noda hali ham portlovchi moddalar omboriga nisbatan qo’llashadi. Bu so’z ingliz tiliga fransuz tilidan o’tgan (fransuz tilida hali-hanuz omborni anglatuvchi so’z magasin sifatida qo’llaniladi), bu tilga esa italyan tilidan magazzino, italyanchaga esa, o’z navbatida, arab tilidagi makzin so’zidan kirib kelgan.

11. Shax va shaxmat (Check va checkmate)

Check so’zining dastlabki ma'nosi shohmot o’yini bilan bog’liq bo’lgan; shax (check) raqibning podshosini xavf (tahdid) ostiga olish uchun qilinadigan yurish bo’lgan (va hali ham shunday). Shohmot o’yini eramizdan avvalgi 500-yillarda Hindistonda paydo bo’lgan, Eronda tarqalgan, arablar bosqinidan keyin ular ham bu o’yinni o’zlashtirganlar. Fors tilida hukmdor “shoh” deyiladi. Bu so’z arab tiliga ham o’tgan. Shohmotda raqib shohini xavf ostiga qo’yib, uni yurish imkoniyatidan mosuvo qilgan o’yinchi yutgan hisoblanadi. Ya'ni shoh va mot, “shoh o’ldi” (yoki sal fojiaviylikdan uzoqlashib aytilsa, “shoh hech narsa qila olmaydigan holatda qoldi”). Vaqt o’tgan sayin shoh va mot bugungi kunda ishlatiladigan “shohmot” - “checkmate” shakliga keldi.

12. Soda (Soda)

Bugungi kunda hayratga solsa-da, bir zamonlar bosh og’rig’i va oshqozonda taom hazm bo’lmasligiga soda ichimligi tibbiy davo deb hisoblanar edi. Albatta, bunday bog’liqlik haqida bahslar borligiga qaramay, bu so’z arab tilida “chidab bo’lmas bosh og’rig’i” ma'nosini anglatuvchi “suda” (suda) so’zidan kelib chiqqan bo’lsa kerak. O’rta asrlarda lotin tilidagi sodamum so’zi bilan arab tilidagi og’riqli ot “bosh og’rig’idan qutqaruvchi davoga” aylantirildi.

13. Matrats/ko’rpa (Mattress)

Uy jihozlari haqida so’z ketganda, shuni aytish kerakki, yevropaliklar hamma vaqt ham katta, yumshoq, yostiqli yotoqlarda uxlamaganlar. Qanchalar qabih ishlarni qilmagan bo’lsalar-da, salib yurishi jangchilari arab madaniyatidan bir nechta yaxshi narsalarni o’rganganlar va bulardan biri yostiqlarga bosh qo’yib yotishdir. Yostiqlar tashlanadigan to’shakning arabcha nomi taraha (taraha) - “tashlamoq” so’zidan kelib chiqqan matrah (matrah) bo’lgan. Bu so’z lotin tiliga “materitsium” - materacium yoki materatium shaklida kirib kelgan va undan italyan hamda boshqa yevropa tillariga o’tgan.

14. Divan (Sofa)

Zamonaviy jihoz kompaniyalaridan ko’p asrlar oldinoq arablar divan ustida hordiq chiqarishni bilishgan. Soya o’simligi asosida ishlab chiqariladigan poliuretan po’kagi va fleksolator prujina asosi bo’lmasa-da, arablarning “suffa”si (“tosh yoki yog’ochdan yasalgan supa”) bugungi kunda o’ta shinam beqiyos fil suyagi ishlatilgan, yostiqchali divanlar darajasigacha yetib kelgan jihozlarning prototipi bo’lgan. 1620-yillarda turk ustalari bu supani xonaning baland ko’tarilgan yumshoq yostiqlar solingan va qimmatbaho gilamlar solingan bir butun bo’limiga aylantirishgan. Bir asr o’tmasdan “uzun supa” g’oyasi yana qaytib keldi. Ammo bu safar uning ichiga shinam yostiqlar tiqilgan ko’rinishda paydo bo’ldi (hozirgi zamon divan-sofasiga ko’proq o’xshaydigan jihoz).

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ingliz tiliga boshqa tillardan kirib kelgan go’zal so’zlar ko’p. Ko’rib chiqqanimiz arab tilidan to’g’ridan-to’g’ri olingan so’z va iboralar edi. Ingliz tiliga alohida bir yo’l bilan kirib kelgan muomalada odatiy bo’lib qolgan ba'zi xorijiy so’zlarni taniy olishimiz mumkin, biroq kundalik nutqimizda turli-tuman xorijiy so’zlarni ko’plab ishlatishimizni anglamaymiz ham.

Azamat Akbarov