Do'kon

Rivojlangan mamlakatlardagi kompaniyalar xodimlarini kuzatish uchun qanday yo’llardan foydalanadi?

  • Bo'lim: BLOG

Ishda sizni doim kimdir kuzatib turgandek tuyuladimi? Ehtimol siz haqsiz, ko’plab kompaniyalar oddiy turniketlar bilan cheklanib qolmaydi. Texnologik ishlanmalar va rahbariyatning hamma narsadan xabardor bo’lish istagi xodim harakati, uning sport mashg’ulotlaridagi faolligi va hatto uyqusini qayd etib boruvchi qurilmalar bozorini yuzaga keltirdi, deb yozadi Insider Pro'ga asoslanib Sof.uz.

Masalan, Bostonning Humanyze startapi xodimlar uchun biometrik datchiklar o’rnatilgan identifikatsion beyjlar chiqarmoqda. Bu qurilma hamma narsani - ofis bo’ylab harakatlanish, suhbatlar davomiyligi va hatto ovoz tembrini kuzatib boradi. Yil boshida kompaniya direktori Ben Veber beyjlar ovoz ma'lumotlariga ishlov berib, inson suhbat davomida ustunlik qilayotganini aniqlay olishi va uning ovoz ohangi, balandligi va nutq tezligini qayd eta olishini ma'lum qildi. Kompaniya vakillarining so’zlariga qaraganda, bu “odam o’lchagichlar” mehnat mahsuldorligiga ta'sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan har qanday parametrlarni baholay oladi.

Biroq avtomatik tarzda o’lchov ob'ektlariga aylanayotgan odamlar bundan mamnun emas. Masalan, o’tgan yili Daily Telegraph gazetasi jurnalistlari rahbariyatning ko’rsatmasi bilan ularning stollariga bu kabi datchiklar o’rnatilganligidan xabar topganda mojaro yuzaga kelgan edi. Gap OccupEye qurilmasi haqida bormoqda: u xodim ish stolida o’tirgani yoki turib, biror joyga ketganini ko’rsatuvchi issiqlik sensoriga ega. Jurnalistlar milliy ittifoqining tanqidiga javoban datchiklar olib tashlandi.

Tekshirilmagan hudud

Kompaniyalar xodimlarining elektron pochtalari va telefon orqali suhbatlarini allaqachon tekshirib borish imkoniyatiga ega. Biroq rivojlangan texnologiyalar xodimlarni boshqa sohalarda ham hech bir to’sqinliksiz kuzatish imkonini beradi. Shu o’rinda shaxsiy hayotni himoya qilish masalasi yuzaga keladi.

Odamlar ishlash uchun borgan sari ko’proq o’z telefon va noutbuklaridan foydalanmoqda - bunday amaliyot kompaniyalarga qurilmalar uchun xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. Shunga qaramasdan, ba'zi holatlarda korporativ ma'lumotlarni himoya qilish siyosati shaxsiy qurilmalarni ham nazorat ostiga olishga olib keladi.

Agar ish avtomobilda harakatlanish bilan bog’liq bo’lsa, GPS va telefondagi datchiklar xodimning qayerda ekanligi, ba'zan esa uning mashina haydash tarzini kuzatish uchun qo’llanilishi mumkin. Kompaniyalar bu ish sifatini yaxshilashga yordam berishini ta'kidlamoqda.

Gap faqat telefon yoki noutbuklar haqida emas, balki taqib yuriladigan qurilmalar (misol uchun Fitbit ommabop fitnes brasleti) haqida bormoqda. Bu tobora ko’proq ish beruvchilar xodimlari sog’lig’ini kuzatib borishni boshlashiga turtki bo’lmoqda. 2020 yilga kelib faqat Amerika kompaniyalari 44 million kishini tegishli ko’rsatkichlar bo’yicha kuzatib boradi.

Kompaniyalar nega ayg’oqchilik qilmoqda?

Faolligimizning har daqiqasi haqidagi ma'lumotlar osonlik bilan bizga qarshi qo’llanishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emas. Biroq bu kabi qurilmalarni ishlab chiqarayotgan kompaniyalar kuzatuv mehnat samaradorligi va xavfsizligini oshirish maqsadini ko’zlashini ma'lum qilmoqda.

Masalan, PayEye datchiklari u yoki bu stolda kim o’tirganligi va u nima bilan mashg’ul ekanligini aniqlay olmaydi. Ushbu qurilmani ishlab chiqaruvchi Cad-Capture kompaniyasi savdo va marketing bo’limini boshqaruvchi Nil Stilning so’zlariga qaraganda, datchiklar kompaniyalarga ko’chmas mulkdan samarali foydalanishga yordam beradi.

Ko’plab firmalar xodimlar pochtasi va telefon suhbatlarini tekshirish imkoniyatini zarur xavfsizik chorasi sifatida qarab chiqadi. Bunda manfaatlar mojarosi, insayderlik savdolari, maxfiy ma'lumot bilan oshkora bo’lishish va kompaniya obro’siga boshqa tahdidlarning oldini olish maqsadi ko’zlanadi. Kompaniya obro’sini himoya qilish esa uning daromadlarini himoya qilish bilan teng (Deloitte kompaniyasi tadqiqotlariga ko’ra, brendga yetkazilgan zarar bilan bog’liq 41 foiz holatlar kompaniya daromadlarining pasayishiga olib keladi).

Undan keyin - mehnat unumdorligi. Britaniyaning face2faceHR kompaniyasi xodimlar bo’yicha konsultanti Kirsten Smit xodimlar xatti-harakatlarini kuzatish nafaqat kompaniya obro’sini saqlashga yordam berishi, balki xodimlar ularga yuklatilgan vazifalar ustida ishlayotganligiga ishonch hosil qilish imkonini berishini ta'kidlaydi.

Xodimlarni kuzatish qanchalik ish beradi?

O’tgan yilgi tadqiqot turli ma'lumotlarni kuzatib borish orqali xodimlar mehnat unumdorligini oshirish o’ylab chiqilgan va nozik yondashuvni talab qilishini ko’rsatdi. Shifoxonalar bemorlari yonida o’tiruvchi yordamchi xodimlarning zarur bo’lgan paytlarda qo’l yuvishini tekshirish uchun tajriba o’tkazildi (Odatda smena oxiriga kelib, ular charchab mazkur gigiena protsedurasiga amal qilmay qo’ygan). Ular kuzatilayotganligi haqida xabardor etilgan.

Tadqiqotchilar uch yil davomida 42 ta shifoxonaning 5,2 ming xodimini kuzatib bordi va monitoring davomida qo’l yuvish takroriyligi ikki yil mobaynida oshganligi, monitoring susaytirilganda esa u kamayib ketganligini aniqladi. Kuzatuv butunlay to’xtatilganda esa qo’l yuvish takroriyligi tajriba boshlangan paytdagidan ham pastroq darajaga tushib ketdi.

Kuzatuv qisqa muddatli kelajakda qoidalarga rioya qilishga majbur qilishi mumkin, biroq odatlarni shakllantirmaydi. Bundan tashqari, u hatto qo’l yuvish uchun odatiy ichki stimullar, jumladan, bemorlarni infeksiyalardan himoya qilish istagi o’rnini egallashini ham istisno etib bo’lmaydi”, - deydi Vashington universiteti tadqiqotchisi Xenxen Day.

Xodimlar monitoring sog’lig’ini saqlashga yordam beradi degan fikrda bo’lib, uni qo’llab-quvvatlashsa-da, bunday yangilik natijasi tezda yo’qoladi. Xodimlariga uyquni kuzatib borish uchun fitnes-monitorlar taqdim etgan Buffer ijimoiy tarmog’i yuqoridagi manzara shohidi bo’ldi.

Mazkur holatda kompaniya uyqu sifatini yaxshilash hisobiga xodimlari mehnat unumdorligini oshirishni ko’zladi. Kompaniya ma'lumotlarni qo’lga kiritmas, biroq xodimlarga ularni bir-biri bilan bo’lishish tavsiya etildi. Bundan tashqari, ular uyquga qaysi payt yotish, qachon turish foydali ekanligi haqidagi tavsiyalar bilan maxsus tanishtirildi. Dastlab entuziazm cho’qqisi qayd etilgan bo’lsa, bir muddatdan so’ng xodimlarning bunga qiziqishi keskin tushib ketdi.

Kompaniya matbuot kotibi Xeyli Grifis bu haqda doimiy ravishda aytib turilmasa yoki nazorat qilinmasa, barcha harakatlar bekorga ketishini ma'lum qiladi.

Ish beruvchi sizni kuzatib borishi mumkinmi?

Bu siz qaysi mamlakatda yashayotganligingizga bog’liq.

Buyuk Britaniyada ish beruvchi xodimlarga monitoring haqida, u nimani nazorat qilishi va bu nima uchun zarur ekanligini ma'lum qilishga majbur.

Rossiyada konstitutsiya insonlarning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini himoya qiladi. Shunga qaramasdan, kompaniya rahbarlari xodimlarni ogohlantirgandan so’ng ofisga videokameralar o’rnatish huquqiga ega. Datchik va sensorlardan foydalanish esa amaldagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan.

AQShda ham shaxsiy ma'lumotlarni to’plash, foydalanish va fosh etish uchun ish beruvchining roziligi talab etiladi.