Do'kon

Turkiya madhiyasi muallifining onasi o’zbek bo’lganmi?

  • Bo'lim: BLOG

Mehmet Akif Ersoyning kim bo’lganini bilasizmi? Bu odam Turkiya tarixida juda ham katta iz qoldirganligi, uning Turkiya madhiyasini yozganligi bilan izohlanadi. Axir uncha-muncha odam ham madhiya muallifi bo’lavermaydi. Dunyoda atigi 200 dan sal oshiqroq davlat bo’lsa, madhiya mualliflari ham shuncha bo’larda! Yana turkiy xalqlarning eng yirigi bo’lgan Turkiyaning madhiyasiga mualliflik qilish ham chakana narsa emas!

Mehmet Akif 1873 yilning 20 dekabrida o’sha davr dunyosining eng muhim strategik shaharlaridan biri, Usmoniylar davlatining poytaxti Istanbul shahrida dunyoga keldi. Otasi Ipekli Tohir afandi kosovolik albanlardan, onasi Omina Sharifa xonim Turkiyada o’troqlashgan buxorolik o’zbeklardan edi. Ha, ha, eshitganingizdek. Turk madhiyasi muallifining volidasi o’zimizning o’zbek ayoli bo’lgan.

Otasining vafot etishi Mehmet Akifning rejalarini o’zgartirib yubordi. Buning ustiga yashab turgan uyi ham yong’in tufayli kulga aylandi. Davlat xizmatchilari tayyorlaydigan Mulkiya o’quv yurtiga to’lashga pul topolmay, veterinarlar tayyorlaydigan bilim yurtida o’qishini davom ettirdi. Bir necha yil Qishloq xo’jaligi vazirligida veterinar bo’lib ham ishladi. Bolqon yarim oroli, Onado’li va Arabistondagi epidemiyalarni tugatishda jonbozlik qildi.

Imkon topilganda Istambul universiteti va Qishloq xo’jaligi maktabida mudarrislik ham qilib turdi.

1920 yilda Burdur okrugidan Turk parlamentiga deputat etib saylandi.

Usmoniylar imperiyasining inqirozi vaqtida Ersoy istiqlolning haqiqiy himoyachisiga aylandi. Uning Onado’li masjidlarida so’zlagan nutqlari shu qadar mashhur bo’lib ketdiki, bu ma’ruzalar o’sha paytda broshyura qilib chop etilib, turk askarlariga tarqatilgan edi.

1921 yilning 17 fevralida davlat madhiyasi matnini yozib parlamentga taqdim qildi. Parlament o’sha yilning 12 mart kuni madhiyani tasdiqladi. O’shandan beri maktablar, davlat idoralarida Davlat bayrog’i va Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk surati bilan bir qatorda Ersoy yozgan madhiya ham turadi. Qirq satrli Ersoyning bu asarini salkam yuz yildan buyon millionlab turkiyaliklar yoddan biladi.

Respublika davrida bir qancha universitetlarda tarix va adabiyotdan dars bergan Mehmet arab, fors va fransuz tillarida mukammal so’zlashardi. Mehmet Akif Ersoy sharq adabiyotini juda yaxshi bilar, shu bilan birga, Viktor Gyugo, Alfons de Lamartin, Emil Zolya va Jan-Jak Russolarning asarlarini ham sevib o’qirdi.

Davlat madhiyasining muallifi bo’lgani uchun uni turklar “Millat shoiri” deydilar. Uning barcha she’riy asarlari 7 kitobdan iborat “Safohat” nomli to’plamda jam bo’lgan.

Kamol Otaturk siyosatiga qarshi chiqqan Ersoy 1926 yilda Turkiyani tark etib, Misrda qo’nim topdi. Turk madhiyasi muallifi Misrda Davlat universitetida dars bera boshladi.

O’sha davrda u Qur’oni Karimning she’riy tarjimasi ustida ish boshladi. Ammo jigar sirroziga chalingach, 1936 yilda Turkiyaga qaytib keldi. Shifokorlarning qancha urinishiga qaramay, kasallikni yengib bo’lmadi. O’sha yilning 27 dekabr kuni Mehmet Akif Ersoy vafot etdi. Uni Edirnekapidagi qabristonga dafn etishdi.

Burdur shahridagi universitet uning nomiga qo’yilgan.

Yoqub UMAR

Manba: Azon.uz