Do'kon

2019 yilda bizlarni nimalar kutayapti?

  • Bo'lim: BLOG

“Huquqiy axborot” kanali 2019 yil 1 yanvardan boshlab qonunchilikda ro’y beradigan ayrim o’zgarishlar haqida eslatib o’tdi.

Taqiqlangan paketlar, kamaytirilgan soliq stavkalari, oshirilayotgan maoshlar, kuchini yo’qotayotgan sobiq SSRI hujjatlari, bir martalik umumdavlat aksiyasi - 2019 yilda bizlarni nimalar kutayapti?

2018 yilda Davlat dasturiga, shuningdek belgilab olingan “Yo’l xaritalari”ga asosan qator sohalarda islohotlar davom ettirildi, tegishli qonun hujjatlari qabul qilindi.

Biz quyida 2019 yil 1 yanvardan boshlab qonunchilikda ro’y beradigan ayrim o’zgarishlar haqida eslatib o’tamiz.

Soliq

Shubhasiz, 2019 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan eng muhim yangiliklardan biri bu soliq sohasidagi islohotlardir.

Ilgari amal qilgan tartib bo’yicha soliq maxsus shkala bo’yicha hisoblab chiqilar edi. Bunda maosh eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha bo’lsa 7,5%, besh baravaridan o’n baravarigacha oralig’ida 16,5%, undan yuqori miqdorda oylik olsa, 22,5% soliq ushlanar, bu soliqlar miqdorining o’zi ham o’sib boruvchi shkala bo’yicha kishini chalkashtirib yuboradigan darajada murakkablashib ketardi. Qo’shimchasiga, ish haqidan davlatdan tashqari pensiya jamg’armasi uchun 8 foizlik majburiy sug’urta to’lovi undirilar edi.

Endilikda esa jismoniy shaxsning daromadlaridan 12 foizli stavka bo’yicha soliq solinadi. Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilandi:

yuridik shaxslar - 12 foiz (ilgari 14 %);

tijorat banklari - 20 foiz (ilgari 22 %).

Dividendlar va foizlar tarzida to’lanadigan daromadlarga 5 foizli stavka (ilgari 10 %) bo’yicha soliq solinadi. Ya'ni ushbu ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston jahondagi eng past soliq stavkasiga ega bo’lgan davlatlardan biriga aylandi. Bundan ko’zlangan maqsad tadbirkorlarni bo’sh turgan mablag’larni omonatlarga qo’yishga rag’batlantirish, mamlakatda fond bozorini rivojlantirishdir.

Baliqchilik klasterlari yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonnabo’lgan taqdirda dastlabki uch yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg’armalarga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.

Notariat

2019 yil 1 yanvardan boshlab notariuslarimiz “faol notariat” tizimida ishlashga o’tishadi.

Masalan, ko’chmas mulkka oid bitimlarni tasdiqlashda elektr va gaz ta'minoti bo’yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma'lumotlarni olish bevosita notarius tomonidan bajariladi. Ya'ni qaysidir idoralarga borib soatlab navbat kutib “spravka” olish amaliyotiga chek qo’yiladi. Bu ham fuqarolarimiz vaqti va naqdini tejab, ortiqcha asabbuzarliklarning oldini oladi.

Bundan tashqari 1 yanvardan boshlab:

- fuqarolar o’rtasida tuzilgan bino (uy-joy, kvartira) yoki uning bir qismini ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlash shartligi haqidagi talab o’z kuchini yo’qotadi;

- notarial tartibda tasdiqlanadigan bitim loyihasini mustaqil tayyorlagan shaxslar huquqiy hamda texnik tusdagi xizmatlar uchun haq to’lashdan ozod etiladi;

- notarial harakatni amalga oshirish chog’ida notariuslar tomonidan audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilishi mumkin;

- bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar taraflar tomonidan barmoq izlarini olish yo’li bilan tasdiqlanishi mumkin;

- fuqaro qandaydir sabablarga ko’ra (jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli va h.k.) bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o’z qo’li bilan imzolay olmagan hollarda notarius videoyozuv vositalaridan foydalanadi;

- notarial idoralarga elektron murojaat qilishi mumkin, bunda murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo’lishi lozim;

- uy-joy, bino, inshoot yoki imoratni boshqa shaxsga o’tkazish va garovga qo’yish to’g’risidagi bitimlarni istalgan notarial idorada amalga oshirish mumkin (ilgari faqat shu mol-mulk joylashgan hududdagi notarius tomonidan tasdiqlanar edi).

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar

Mehnat va ijtimoiy sohada ham 2019 yil 1 yanvardan boshlab bizni qator yangiliklar kutib turibdi.

Masalan, pedagog xodimlarning oylik ish haqlari yanada oshiriladi. Xususan, oylik ish haqlari 2019 yil 1 yanvardan oliy toifali o’qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o’qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o’qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o’qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o’rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshiriladi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy, muhandis-texnik xodimlari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o’qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori ham 20 foizga ko’payadi.

Mehnatga haq to’lashning yagona tarif setkasi qayta ko’rib chiqiladi. Bunda mehnatga haq to’lash yagona tarif setkasining quyi razryadlari tarif koeffitsientlarini o’rtacha 10 foizga, shu jumladan, 1-razryad bo’yicha 15 foizga, 2-razryad bo’yicha 10 foizga va 3-razryad bo’yicha 5 foizga oshirish orqali mehnatiga kam haq to’lanadigan xodimlarning ish haqi miqdorini oshirish nazarda tutiladi.

Mehnat stajlarini hisobga olishni qog’oz ko’rinishda yuritish amaliyotidan voz kechiladi, bu sohada ham elektron tizim joriy etiladi.

Ishlovchi pensionerlarimizga pensiyani to’liq to’lash bo’yicha norma ham 2019 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Tadbirkorlik

Tadbirkorlar uchun ham qator yengilliklar beriladi.

Jumladan, 2019 yil 1 yanvardan ko’chma savdo uchun ruxsatnoma olish shartligi haqidagi talab bekor qilinadi. Xuddi shunday ulgurji savdo faoliyatini hech qanday litsenziyasiz amalga oshirishga ruxsat beriladi. Davlat ulushi 50 foizdan kam bo’lgan korxonalar uchun ichki bozorda mahsulot yoki xizmat uchun 15 foiz to’lovni oldindan amalga amalga oshirishga doir arxaik talabdan ham voz kechiladi. Cho’chqa go’shti, uy parrandasi go’shti, o’simlik yog’i, shakar, non-bulka mahsulotlari, volfram rudalari, ipak chiqindilari eksportiga qo’yilgan cheklovlar ham bekor qilinadi.

Bundan tashqari, 2019 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish bo’yicha xizmatlarni tadbirkorlik sub'ektlari - yuridik shaxslar tomonidan ko’rsatilishiga ruxsat beriladi.

Tekshiruvlarni elektron ro’yxatga olish yagona tizimining to’liq versiyasiishga tushiriladi. Unda tadbirkorlarni tekshirish bo’yicha qabul qilingan qarorlarning asosliligini o’rganish,tadbirkorlarga o’tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni qisqa xabar (SMS) ko’rinishida hamda real vaqt rejimida Internet tarmog’i orqali olish imkoniyati ham mavjud bo’ladi.

2019 yil 1 yanvardan Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O’zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro’yxati kengaytirildi.

Ya'ni, endilikda temir yoki po’lat simlar, burchak va boshqa shakl berilgan, maxsus temirdan yoki po’latdan ishlangan profillar, korroziyaga chidamli yarimtayyor po’latli ishlanmalar, po’latdan yengil o’ralgan simlar va boshqa mahsulotlar majburiy tartibda sertifikatlanishi lozim bo’ladi.

Nizolarni hal etish

2019 yil 1 yanvardan “Mediatsiya to’g’risida”gi Qonun kuchga kiradi.

Qonunga muvofiq, kelib chiqqan nizoni taraflarning o’zaro maqbul qarorga erishish maqsadidagi ixtiyoriy roziligi asosida uchinchi shaxs ko’magida hal qilish usuli mediatsiya hisoblanadi.

Qonunning maqsadi ham O’zbekistonda nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, sud tizimiga tushadigan ish hajmini kamaytirishdan iborat.

Norma ijodkorligi

2019 yil 1 yanvardan boshlab O’zbekiston hududida 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan sobiq ittifoqning idoraviy hujjatlari o’z kuchini yo’qotadi. Sobiq ittifoq davrida qabul qilingan hozirda amalda bo’lib turgan 171 ta hujjatning o’rniga zamonaviy talablarga mos keluvchi 56 ta yangi Qonun hujjati qabul qilinadi.

Jazoni ijro etish

Jazoni ijro etish muassasalarida, to’liq ijtimoiy moslashtirish maqsadida mahkumlarni tizimli o’rganish va ularning ongini o’zgartirishga qaratilgan tarbiyaviy ishlarning yagona kompleks tizimi joriy etiladi.

Buning uchun, 2019 yil 1 yanvardan boshlab Ichki ishlar vazirligi tizimida Probatsiya xizmati va tegishlicha uning hududiy bo’linmalari tashkil etiladi.

Mahkumlarga shaxsiy hujjatlarni tiklash va pasport olishda yordam ko’rsatiladi, ularning pensiya sug’urtasi, mehnat daftarchasini rasmiylashtirish shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingunga qadar amalga oshirish bo’yicha talablar ham kuchga kiradi.

Sog’liqni saqlash

2019 yil 1 yanvardan boshlab Allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to’lmagan va xavf ostida bo’lgan bolalarni tekshirish bo’yicha bir martalik umumdavlat aksiyasiga start beriladi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad ixtisoslashtirilgan allergologik yordam ko’rsatishni takomillashtirish, uning sifatini yaxshilash va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Taqiqlar

Shu bilan birgalikda, 2019 yil 1 yanvardan bir qator taqiqlar ham kuchga kiradi.

Masalan, endilikda polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini tovarlar narxiga qo’shish, shuningdek, ularni o’z tan narxidan past narxlarda sotish, qalinligi 40 mikrondan kam bo’lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish, polimer plyonkali paketlarni olib kirish taqiqlanadi.

Bundan tashqari yakka tartibdagi tadbirkorlar qurilish materiallari, sement, shifer, yog’och va yog’och mahsulotlarini chakana sotish bilan shug’ullana olmaydi. Ushbu mahsulotlarni sotish uchun albatta yuridik shaxs tashkil etish lozim.

Alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash, avtotransport vositalarini yuvish kabi faoliyat turlari bilan shug’ullanish uchun ham albatta yuridik shaxs tashkil etish lozim bo’ladi.

Ta'kidlab o’tish lozimki, mazkur o’zgartirishlarga sabab bo’lgan eng muhim jihat tadbirkorlar tomonidan soliqdan qochish uchun turli qonun buzilishi holatlariga yo’l quyilganligidir. Xususan, avtotransport vositalarini yuvish faoliyatini tashkil etgan tadbirkorlar qo’lida amalda o’nlab shaxslar ishlaydi. Lekin ushbu tadbirkor YaTT sifatida ro’yxatdan o’tgani sababli, ular aslida to’lashi kerak bo’lgan soliqning yarmini ham to’lamaydilar.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Bunda YaTT 3 kishigacha shaxsni yollashi mumkin.

Ya'ni, mohiyatan ham yuqorida ko’rsatib o’tilgan faoliyat turlari bilan YaTT shug’ullana olmaydi. Masalan, ma'lumotlarga ko’ra, alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash bilan shug’ullanuvchi sexda o’rtacha 5 - 15 kishi faoliyat yuritadi.