Do'kon

Markaziy Osiyo davlatlarida nechta Bosh vazir almashgan?

  • Bo'lim: BLOG

Kuni kecha, 25 fevral kuni Qozog’istonda yangi hukumat rahbari etib Askar Mamin tayinlandi. Ochiq ma'lumotlarga ko’ra, u Qozog’istonning o’n birinchi bosh vaziridir. Lekin Karim Masimov ikki marta hukumat rahbari vazifasini bajargan. Shu tariqa, Mamin qo’shni mamlakatda hukumat rahbarligiga tayinlangan o’ninchi shaxsdir.

Mustaqillikka ega bo’lgach, Markaziy Osiyo davlatlarida bosh vazirlar soni qancha bo’lganini va ulardan qaysilari o’z lavozimlarida ko’proq “ushlanib turganliklarini” aniqlashga qaror qildik.

O’zbekiston

O’zbekistonning hozirgi hukumat rahbari Abdulla Aripov - mustaqillikka erishilgandan buyon beshinchi bosh vazirdir. U 2016 yil dekabr - Shavkat Mirziyoev prezident etib saylangan muddatdan boshlab faoliyat yuritib keladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari Bosh Vazirlari ichidagi rekord natija Mirziyoev tomonidan qayd etilgan - O’zbekiston yetakchisi 13 yil davomida Hukumatga rahbarlik qilgan (2003 dekabrdan - 2016 dekabrgacha).

Qozog’iston

Yuqorida ta'kidlangani kabi, Qozog’iston Respublikasida jami 10 nafar bosh vazirlar bo’lgan. Ular orasida rekordsmeni Karim Masimov bo’lib, u ikki marotaba hukumat rahbarligiga tayinlangan va bu lavozimda jami 7 yildan ziyod ishlagan.

Qirg’iziston

Qirg’iziston mustaqillikka erishgach, bu mamlakatda o’ttizdan ortiq bosh vazirlar almashgan, degan fikr keng tarqalgan. Ammo haqiqatda ularning soni kamroqdir: Vaqtinchalik Hukumatni boshqargan Roza Otunbaevani hisobga olgan holda, Muxammadkaliy Abilg’oziev 23-bosh vazir etib tayinlangan.

Qurmonbek Boqiev va Almazbek Atambaevlar ikki martadan hukumat rahbari bo’lganliklari hisobga olinsa, Qirg’izistonda sobiq bosh vazirlar soni 20 nafarni tashkil etishi oydinlashadi. Bosh vazirlikda rekord natija Apas Djumagulovga tegishli u bu lavozimda 4 yildan ortiq ishlagan (1993 y dekabr oyidan-1998 y martgacha). Bosh vazirlarning to’rt nafari - Qurmonbek Boqiev, Roza Otunbaeva, Almazbek Atambaev va Sooronbay Jeenbekovlar - keyinchalik prezident bo’lishgan.

Tojikiston

Hozirgi hukumat rahbari Kohir Rasulzoda hisob bo’yicha sakkizinchi bosh vazirdir, u 2013 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Rekord natijani esa Oqil Oqilov qayd etgan, u hukumat rahbari vazifasini 14 yil davomida bajargan - 1999-yil dekabrdan 2013 yil noyabr oyigacha.

Turkmaniston

Turkmanistonda esa bittagina bosh vazir bo’lgan - Xon Axmedov. U 1991-oktyabrdan 1992-y may oyigacha faoliyat yuritgan. Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartishdan so’ng bosh vazir lavozimi bekor qilingan va endilikda vazirlar mahkamasiga prezidentning o’zi rahbarlik qilib keladi. Mustaqillik yillarida Turkmanistonda ikki prezident bo’lgan. 2007 yili Saparmurod Niyozovni o’rnini hozirgi davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov egallagan.

Manba: Sof.uz