Kirish
So'nggi yangilanish: 21.06.2018

Eng yaxshi innovatsion salohiyatga ega top-3 davlat

  • Muallif: A. Abdurahmonov
  • Bo'lim: MAQOLALAR

Global innovatsion indeksi (GII) bugungi kunda eng qamrovli indekslardan biri bo’lib, unda dunyo davlatlarining innovatsion salohiyati va innovatsiyada erishgan yutuqlari yillik sarhisob qilib boriladi. Ushbu indeksning boshqa indekslardan afzalligi shundaki unda innovatsion faoliyatdan kelgan daromadlardan tashqari davlatning innovatsiyaga, innovatsion iqtisodiyotga bergan e’tibori va innovatsion siyosati ham hisobga olinadi[1].

GIIni ishlab chiqishda ikki unsurga e’tibor qaratiladi “Innovatsiyalarga xarajatlar” (Innovation Input) va “Innovatsiyalar natijasi” (Innovation Output). Mazkur unsurlar 7 band asosida hisoblanadi. Innovatsiyalarga xarajatlar o’z ichiga institutlarga, inson kapitali va izlanishga, infrastrukturaga, bozor hamda biznes sifatiga yo’naltirilgan xarajatlarni oladi. Innovatsiyalar natijasi ilmiy va texnologik hamda ijodiy natijalardan iborat.

So’ngi GII 2017 yil 15 iyunda chop etilgan bo’lib unda dunyoning 127 davlati iqtisodiyotiga baho berilgan. Shuni alohida qayd etish lozimki mazkur davlatlarda dunyoning 92,5 foiz aholisi istiqomat qiladi hamda jahon yalpi ichki mahsulotining 97,6 foizi ishlab chiqariladi.

Oxirgi GIIning dastlabki o’ntaligidan Shvetsariya, Shvetsiya, Niderlandiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Daniya, Singapur, Finlandiya, Germaniya va Irlandiya davlatlari o’rin olishgan.

Hozir Global innovatsion indeksida top-3 o’rinni egallagan davlatlarga to’xtalib o’tamiz. Bu davlatlar:

1. Shvetsariya;

2. Shvetsiya;

3. Niderlandiya.

Shvetsariya davlati Yevropa hududida joylashgan bo’lib mamlakat yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiradi. 2016 yil holatiga ko’ra mamlakat YaIMsi 662,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Aholi jon boshiga real daromad 58 551,5 dollarga teng bo’lgan.

Shvetsariya davlati ketma-ket 7 yildan buyon mazkur indeksda birinchi pog’onani egallab kelmoqda. Ushbu natijaga erishishda ilmiy va texnologik hamda ijodiy natijalar bilan bir qatorda biznes sifati, inson kapitali va izlanishlardagi yuksalishlar kabi omillar asosiy o’rin egallagan. So’ngi ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo’lsak Shvetsariyada ilmiy va texnologik faoliyatdan olingan natijalar GIIning qolgan 6 yo’nalishiga nisbatan sezilarli darajada yuqori rivojlangan. Shu sababli ham mazkur yo’nalish Shvetsariyaning kuchli tomoni hisoblanadi. Buni quyidagi fakt bilan isbotlashimiz mumkin. So’ngi ma’lumotlarga ko’ra ushbu mamlakatda har yili 43 000 dan ortiq arizalar patent olish uchun topshirilgan. Bundan tashqari mamlakatda ilmiy va tadqiqot izlanishlariga bo’lgan yillik xarajatlarning 60 foizi xususiy sektor tomonidan qoplanadi[2]. To’g’ridan to’g’ri xorijiy investitsiyalar asosan xizmat ko’rsatish (30%), ishlab chiqarish (36%) hamda moliyaviy va xolding kompaniyalar (34) hissasiga to’g’ri keladi[3]. Bu yuqori daromadli top 30 mamlakatlar orasida eng yuqori ko’rsatkichlardan deyishimiz mumkin. Shuningdek mamlakat ijodiy natijalar ya’ni axborot-aloqa texnologiyalari va biznes madellarini yaratishda hamda dunyo ommaviy axborot vositalari bozorida yetakchi o’rinlarni egallaydi. Biznes sifati (biznes sifati - ma’lakali ishchi xodimlarning mavjudligi, biznesni moliyalashtirish, tashkiliy jarayonlar, davlatning biznesga e’tibori, yuqori texnologiyalaning mavjudligi, intelektual mulklar, izlanuvchanlik qobiliyati va boshqalar asosida hisoblab chiqiladi) Shvetsariyaning kuchli tomonlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat mazkur toifa bo’yicha dunyoda 3-o’rinda turadi.

Shvetsiya Yevropaning yuqori daromadli davlatlari qatoriga kiradi. Mazkur mamlakatning YaIMi 2016 yil holatiga 517,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Aholi jon boshiga real daromad 47 922,2 dollarga teng bo’lgan.

Shvetsiya davlati GII bo’yicha dunyoda innovatsion iqtisodiyoti eng rivojlangan ikkinchi davlat hisoblanadi. Ijodiy yondashuvlar asosida erishilgan yutuqlarni hisobga olmaganda qolgan barcha 6 yo’nalish bo’yicha mazkur davlat yuqori o’ntalikdan joy egallagan. Shvetsiya innovatsion iqtisodiyotining kuchli tomonlariga infrastruktura, biznes sifati, inson kapitali va izlanishga qilingan xarajatlar hamda ilmiy va texnologik izlanishlar orqali erishilgan natijalar kiradi. Mazkur yo’nalishlar bo’yicha mamlakat top 5 likdan joy olgan. Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo’lsak Shvetsiyada YaIMning 3 foizdan ortiqroq qismi qayta tiklanish va rivojlanishga yo’naltirilgan. Mamlakatda asosan biotexnologiyalar yuqori darajada rivojlangan. Eksportning asosiy qismini farmatsevtika sohasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar tashkil qiladi[4].

Niderlandiya davlati ham Yevropaning yuqori daromadli rivojlangan davlatlari tarkibiga kiradi. O’tgan yil holatiga ko’ra mamlakat YaIMi 769,9 mlrd dollarga teng bo’lgan. Aholi jon boshiga real daromadi 49 165,8 dollarni tashkil etgan.

Niderlandiya GII bo’yicha 127 davlat ichida 3-o’rinni egallagan. Mamlakat GIIda biznes sifatiga xarajatlar, ilmiy va texnologik natijalar hamda ijodiy natijalar yo’nalishlari bo’yicha mos ravishda 1, 2 va 5 o’rinlarni egallagan rivojlangan davlat hisoblanadi. Aynan mazkur yo’nalishlar Niderlandiyaning kuchli taraflari hisoblanadi. Qolgan 4 yo’nalish bo’yicha mamlakat top 20 davlatlar qatoridan joy olgan. Ohirgi statistik ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo’lsak so’ngi 6 yilda Niderlandiyaning innovatsion salohiyati 10,4 foizga yuqorilagan. Bu Yevropaning 27 a’zo mamlakatlari orasida o’rtacha darajadan yuqori.

Yaqinda kuchli innovatsion salohiyatga ega 1000 kompaniya (Niderlandiya kompaniyalari ham hisobga olingan) o’rtasida o’tkazilgan izlanish shuni ko’rsatdiki Ninderlandiya kompaniyalari R&D ya’ni qayta tiklanish va rivojlanishda eng yuqori ko’rsatkichlarni qayd etdi[5]. Shuningdek mamlakatda yaratilgan innovatsiyalarning 70 foizi axborot texnologiyalari sohasiga tegishli. Mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshlik bo’yicha dunyoda top 4 davlatdan biri hisoblanadi. Yuqoridagi omillarni hisob olib shunday xulosaga kelishimiz mumkinki mamlakat iqtisodiy salohiyati yuqori darajada. Shu sababli ham mamlakat dunyoning eng qudratli yigirmanchi iqtisodiyoti hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. The Global Innovation Index 2017 - www.globalinnovationindex.org

2. CREDIT SUISSE GROUP - https://www.credit-suisse.com/corporate/en/articles/news-and-expertise/innovation-switzerland-201603.html

3. HUFFPOST - https://www.huffingtonpost.com/entry/how-did-the-swiss-economy-become-one-of-the-strongest_us_593e8d58e4b014ae8c69e230

4. Swedish Institute - https://sweden.se/business/innovation-in-sweden/

5. PwC – www.pwc.nl