Kirish
So'nggi yangilanish: 27.05.2018

Nega vaqtdan baraka ketdi?

Vaqt insonga berilgan eng bebaho ne'matlardandir. Boshqa ne'matlarni qayta topish, o’rnini to’ldirish mumkin, biroq o’tgan vaqtni orqaga qaytarib bo’lmaydi. Vaqtning qadr-qiymati ham shunda.

Ilm-fan taraqqiy etgan bugungi zamonda ko’pchilikka bir narsa -vaqt yetishmaydi. Ha, shunday. Ishonmasangiz, duch kelgan odamdan so’rab ko’ring, uning uchun eng kamyob narsa aynan vaqt bo’lib chiqadi. Shu sabab bo’lsa kerak, bugungi odamlarning eng oddiy bahonasi “Vaqtim yo’q, ishlar ko’p” deyish bo’lib qoldi.

Vaqt yo’qligini ro’kach qilgan odam, birinchi navbatda o’zini aldaydi. Alloh bizga bir kecha-kunduzda 24 soat berib qo’yibdi. Shu vaqtning egasi o’zimiz. Uni qanday sarflash o’zimizga bog’liq. Mana shu 24 soatni to’g’ri sarflash uchun Yaratgan Zot bizga aql-idrok, fahm-farosat bergan. Vaqtning quli emas, xojasi bo’lgan insongina hayotda muvaffaqiyat qozonadi...

Yoningizdan g’izillab uchib o’tayotgan mashinalarga e'tibor bering. Hatto yo’l chetida maxsus belgi o’rnatilgan bo’lsayam, piyodalarni o’tkazib yuborishga yoki svetofor qizil chirog’ida bir oz to’xtab turishgada toqati yo’q uning. Nega? Chunki vaqti yo’q, ishi boshidan oshib yotibdi...

Ko’cha-ko’yda biron tanishingizni uchratib qolsangiz, shosha-pisha hol-ahvol so’ragan bo’ladi. Siz bilan so’rashadiyu, xayoli boshqa yerda. Nigohi sizdayu, fikru zikri ish bilan band, xayoli qaerlardadir kezib yuribdi. Sababi ishi ko’p, “mayda-chuyda” narsalarga vaqti yo’q...

Bizga berilgan vaqt ne'mati qayoqqa ketyapti o’zi? Nega vaqtimiz yo’q?

Bir o’zimizni taftish qilib ko’raylik: behuda ishlarga haddan ziyod vaqt ajratib yuboramiz-da, zarur yumushlarga kelganda “vaqtimiz bo’lmay” qoladi. Hatto ertalabdan kechgacha choyxonadan beri kelmay, oshnalari bilan karta, narda o’ynab o’tiradigan bekorchilar ham, kezi kelsa, vaqt kamligidan noliydi.

Biz bugun fan-texnika rivojlangan asrda yashayapmiz. Avvallari soatlab bajariladigan ishlar hozir bir necha daqiqada amalga oshiriladi. Oldin uzoqroq joylarga bir oyda borib kelingan bo’lsa, hozir yengil mashinada g’ir yetib borasiz-kelasiz. Orada qancha vaqt tejalyapti. Shunday bo’lsayam, negadir vaqt yetishmaydi.

Afsus bilan aytamiz, umrimizning ko’p qismi behuda sarflanadi, foydasiz ishlarga sovuriladi. Bema'ni seriallar, befoyda suhbatlar, g’iybat, mishmish, masxarabozlik kunlarimizni egovlaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, umrimizdan baraka ko’tarilgan...

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Zamon yaqinlashmagunicha qiyomat qoim bo’lmaydi. Bir yil bir oydek, bir oy bir haftadek, bir hafta bir kundek, bir kun bir soatdek, bir soat go’yo xurmo bargi yonguncha (muddatdek) bo’lib qoladi” (Ushbu hadisni imom Ahmad rivoyat qilgan).

Qiyomat yaqinlashgani sari vaqtdan baraka ketaveradi. Ko’p odamlar o’sha ozgina vaqtni ham o’tkinchi hoyu havaslar, foydasiz ishlar bilan o’tkazib yuboradilar. Agar biz vaqt qadriga yetsak, uni kerakli ishlarga sarflasak, Yaratgan Egam umrimizga baraka beradi. Bugungi tezkor zamonda vaqtning har daqiqasini qadrlash, hayot mazmunini anglab, umr daftarini ezgu ishlar ila bezash har bir aqlli insonning burchidir. Zero, vaqtiga hokim bo’la olgan inson uni o’zi istagan tarzda boshqaradi, yaxshi amallar bilan baxtli hayot uchun zamin hozirlaydi. Vaqt qadriga yetmaganlar “vaqtim yo’q” deb zorlanib yuraveradi. Umr esa bir joyda to’xtab turmaydi, g’izillab o’taveradi.

Manba: "Baxtli hayot sari" kitobidan