Kirish
So'nggi yangilanish: 17.07.2018

Boylik yaxshimi yoki kambag’allik?

Inson fe'l-atvori juda qiziq: hech narsaga rozi bo’lmaydi, na issiqqa ko’nadi, na sovuqqa.Kambag’alligida nuqul boyib ketishni, qo’liga katta pul tushib qolganda chiroyli uylar qurishni, shohona dasturxonlar solib, katta to’ylar qilishni, so’nggi rusumdagi mashina olishni orzu qiladi. Bolasiga ham tinmay: “Boyib ketsam, uni oberaman, buni sovg’a qilaman”, deb va'dalar beradi. Bir kuni kelib boyib ham ketadi, avval orzu qilgan hamma narsasiga erishadi. Hatto o’zi kutganidan ham ko’p mol-dunyoga ega bo’ladi. “Endi u maqsadiga erishib, xotirjam bo’lgandir, ne'matlarga g’arq holda mazza qilib yashayotgandir. Puli yo’qligida orzu qilganiday, oilasini yetaklab jahon kezgani sayohatga jo’nagandir yoki mol-dunyo bilan o’ralashib qolganida unutilgan sevimli mashg’ulotlariga qaytgandir?” deb o’ylayotgan bo’lsangiz, adashasiz. Uning avvalgi tashvishlari o’n baravar ortib ketgan: qo’lga kiritgan boyligini qanday qilib ko’paytirish, uni tajovuzlardan asrash, foydani qaysi ishlarga yo’naltirish haqidagi rejalarga boshi bilan sho’ng’igan.

Pulim ko’paysa, tinch-xotirjam yashayman, deb o’ylagandi. Qayoqda! Hatto ovqatini bemalol yeya olmaydi. Uyqusida halovat yo’q. Qachon odamlarga o’xshab dam olganini eslolmaydi ham. Ana shunday kunlarning birida miyasidami, qalbidami, ongidami nimadir “chirs” etib uzilib ketganday bo’ladi, to’plagan, jonidan ham aziz qilib asragan, uni ko’paytirish uchun hamma narsadan voz kechib yelib-yugurgan mol-dunyosi birdaniga ko’ziga xunuk ko’rinib qoladi. Shuncha umrini befoyda o’tkazib yuborganday nadomat chekadi, ko’ngli kambag’al odamlarnikiga o’xshagan oddiygina uylarni, kamtarona turmushni, faqirona hayotni qo’msab qoladi.

Misrlik bir davlatmand kishi Qohiraning boylar yashaydigan mahallasidagi shohona uyi derazasidan tashqariga qarab afsus bilan shunday degan ekan: “Men bir narsaga sira tushunolmadim: uyim, jihozlarim gard yuqmagan holatda toza, eng sara, pokiza ovqatlarni yeyman, lekin boshim kasaldan chiqmaydi. Anavi dehqonlar tuproq ichida tug’ilib, irkit ko’chada ulg’ayadi, ovqatini chang-to’zon ichida yeb, loyqa suvni ichib ketaveradi, birortasiga baloyam urmaydi”.

Endi biz kambag’al deb o’ylaydigan kishining ahvoliga bir nazar tashlaylik: oila boshlig’i ertadan-kechgacha tinim bilmay ishlaydi, ayoli ham, bolalari ham unga yordamlashadi. Ular ro’zg’orda hamma narsani tejashadi: akaning kiyimini uka kiyadi, kattasining o’quv qurollari kichigiga qolgan, kechagi ovqatni bugun isitib yeyishgan. Hatto bitta yo’l chiptasidan uch kishi foydalanadi. Ammo birlari hech ikki bo’lmaydi: yeyishga pul topilsa, kiyimga yo’q, kiyimga bir iloj qilib jamg’arishsa, o’qishga mablag’ izlab qiynalishgan. Shunda hammalari baravar fig’on chekishadi: “Qaysi gunohimiz uchun biz kambag’al qilib yaratilganmiz, qo’shnimiz falonchidan qayerimiz kam axir. Uyam ishlaydi, biz ham ishlaymiz, uning ham oltita bolasi bor, biz ham shunchamiz. Ammo uning uyi qasr, chet el jihozlarini, garajidagi mashinalarini aytmay qo’yaqolaylik, shumi adolat?!”

Shu yerda bir savol tug’iladi: boy bo’lish yaxshimi yoki kambag’allik? Birov: “Boylikka nima yetsin, tiling burro, martabang ulug’ bo’ladi, hamma seni hurmat qiladi, istagan narsangga erishasan, boshqaga mute bo’lmaysan, yana sadaqa-ehsonlarni ko’p qilib, Xudogayam, bandasigayam yaxshi ko’rinasan”, deydi.

Yana boshqasi kambag’allikni maqtaydi: “Kambag’alning hech qanaqa g’am tashvishi bo’lmaydi. Boy odam hech qachon ikkita non yeya olmagan, ikkita kostyum kiya olmagan, ammo boyligini qo’lga kiritgunicha sog’lig’idan, asabidan, yaqinlaridan, xotirjamligidan ajrab bo’lgan. Kambag’alda bunaqa tashvishlar yo’q. Qornini bitta to’ydiradi-da, mazza qilib qotib uxlaydi. Boylarga o’xshab ellikka kirmay turib qand, qon bosimi, yurak xuruji kabi kasallikni orttirib olmaydi”.

Xo’sh, unda kim haq? Hayotda boy bo’lgan ma'qulmi yoki faqirlikka ko’nib kun kechirishmi? Moddiyatga qul bo’lgan g’arbliklar hamma ishda boylikni, mol-dunyoni birinchi o’ringa qo’yishadi.Ular nazdida to’kin-sochin yashash, jamiyatda katta mavqega ega bo’lish, obro’-e'tibor qozonish, hatto oila a'zolariga yoqish uchun badavlat bo’lish, nima qilib bo’lsa ham, qanday yo’l bilan bo’lmasin, ancha-muncha mol-dunyoni qo’lga kiritish zarur. Kitoblarda, gazeta-jurnallarda, kinolarda boylikni maqtashadi, boylar hayotining bor “jozibasi”ni ko’z-ko’z qilishadi, hammani boylardan ibrat olishga chaqirishadi.

Bunga qarshi o’laroq Sharq donishmandligi insonning baxtli bo’lishi uchun, eng avvalo, halol yashash, axloqiy mezonlarga rioya etish, odamlar bilan munosabatlarda oliyjanoblik ko’rsatishni asosiy shartlardan hisoblaydi. Boylik, mol-dunyo oliy maqsadlarga erishishda bir vosita, bandani sinash uchun beriladi, deya talqin qilinadi. Olimlar mol-dunyoga e'tibor qilishmagan, odamlarni unga qiziqtirishmagan, boylikni kerakli joylarga sarflashga, saxovatni, xayr-ehsonni ko’paytirishga, boylik to’planishiga yo’l qo’ymaslikka chorlashgan. Kambag’allarga-ularning bu holati Yaratganning ulug’ marhamati, ularni imtihon qilayotgani belgisi ekani - tushuntirilgan, ular sabr-qanoatga, taqdir yozug’iga chidashga chaqirilgan.

Xullas, boylik ham, kambag’allik ham insonga berilgan ne'mat hamda sinovdir. Boylik kelganda insoniylikdan chekinmay, mol-dunyoga qattiq muhabbat qo’ymay, uni munosib joylarga sarflash, kambag’allikda sabr-qanoat qilish chin insoniy xislatdir.

Manba: Ahmad Muhammad Tursun, “Siz qanday yashamoqchisiz?”, 96-100-betlar.