Kirish
So'nggi yangilanish: 17.07.2018

Ibratli hikoya: ASL BOYLIK

Bir kambag’al odam Janobi Haqqa noliy boshlabdi:

- Ey Yaratgan Egam, nega meni boshqa bandalaringdan kam ko’rding, rizqimni tor qilding?!

Bir yo’lovchi uning gapini eshitib qolib so’rabdi:

- Birodar, tinchlikmi? Nimadan norozisan?!

- Alloh menga ko’p rizq ato etmadi, tinmay mehnat qilaman, biroq nochorlikdan chiqib ketolmayapman!

Yo’lovchi bir oz o’ylanib turgach debdi:

- Mayli, senga besh ming tilla beraman. Evaziga bitta ko’zingdan voz kechasan! Faqir qattiq qo’rqib ketib, ikki qadam orqaga chekinibdi:

- Esing joyidami? Qanday qilib besh ming evaziga ko’zimdan voz kechishim mumkin?!

Yo’lovchi savdolashishda davom etibdi:

- Unda bitta qo’lingdan voz kecha qol. O’n ming tanga beraman?

- Bo’lmaydi, - jahli chiqa boshlabdi faqirning, - yuz ming bersang ham qo’limni bermayman!

- Mayli, unday bo’lsa, shu o’n mingga bitta barmog’ingni ber!

- Nega barmog’imni sotarkanman?! Butun dunѐning moliga almashmayman barmog’imni!

Uning bu gapini eshitgan yo’lovchi maqsadga o’tibdi:

- Ey noshukr banda, unda nega noliyapsan? Alloh senga qancha boylik berganini ko’rmayapsanmi?

To’rt muchang sog’, aql-xushing joyida. Sen esa faqirlikdan nolib o’tiribsan. Buning o’rniga Alloh bergan hisobsiz ne'matlarga shukr qilsang bo’lmaydimi?!