Kirish

«Oskar»ga nomzod suriyalik AQShga bora olmadi

Suriyalik operator, «Oskar» mukofotiga nomzod qilib ko’rsatilgan «Oq dubulg’alar» (White Helmets) qisqa metrajli hujjatli filmning katta qismini suratga olgan Xolid Xatib AQShga bora olmaydigan bo’ldi.

Associated Press agentligi ma`lumotiga ko’ra, 21 yoshli bu operatorga Amerika vizasi berilgan, bu vizaning muddati tugamagan, ammo uni Istanbuldan Los-Anjelesga uchadigan samolyotga qo’yishmagan.

AQSh ichki xavfsizlik vazirligi so’nggi lahzada ushbu kinematografistning kirishini taqiqlashga qaror qilgan. Vazirlikning ichki hujjatlarida aytilishicha, taqiqqa Xatibga nisbatan topilgan «salbiy axborot» sabab bo’lgan. Ta`kidlanishicha, bunday ta`rif uning terrorchilar bilan aloqalari yoki viza rejimi bilan bog’liq muammolarini anglatishi ham mumkin.

«AQShga safar qilish uchun amal qiluvchi chiqish pasportiga ega bo’lish kerak», degan jurnalistlarning so’rovlariga javob bergan AQSh ichki xavfsizlik vazirligi vakili Jillian Kristiansen.

Xatibning o’zi esa tvitterida qizg’in ish tufayli «Oskar»da qatnasha olmasligini yozgan.

Eslatib o’tamiz, prezident Donald Trampning farmoniga muvofiq, AQShga 7 mamlakat — Iroq, Curiya, Eron, Liviya, Sudan, Yaman va Somali fuqarolari kirishi taqiqlangan edi.

«Oq dubulg’alar» kartinasi «eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film» yo’nalishida «Oskar»ga nomzod bo’lgan.

40 daqiqa davom etuvchi lentada «Oq dubulg’alar»ning 3 nafar xodimi haqida tasvirlanadi. Ular bombardimonlar ostida qolayotgan suriyaliklarga yordam berish uchun Turkiyadan Suriyaga kelishadi. «Oq dubulg’alar» a`zolari o’zlarini ko’ngilli qutqaruvchilar deb atashadi, ular Bashar Asad rejimiga qarshi bo’ladi.

Bundan oldinroq «Eng yaxshi xorijiy film» yo’nalishida «Oskar»ga da`vogar filmlardan biri bo’lgan «Kommivoyajyor» (Eron) rejissyori Asqar Farhodiy AQSh prezidenti Donald Trampning qat`iylashtirilgan migratsiya siyosati tufayli mukofotni topshirish marosimiga bora olmasligi ma`lum bo’lgandi. Filmda bosh rolni o’ynagan aktrisa Taraneh Alido’stiy ham AQShga borishdan bosh tortgandi.

«Oskar» mukofoti nomzodlari 2017 yilning 24 yanvarida e`lon qilingandi. Mukofotlarni topshirish marosimi 26 fevral kuni bo’lib o’tadi.

Manba: kun.uz

 

Joomla Templates and Joomla Extensions by JoomVision.Com