Kirish

O’zbekiston iqtisodiyotni izchil isloh etish, tarkibiy jihatdan o’zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish yo’lida

O’tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimizda iqtisodiyotni tubdan yaxshilash va uni modernizatsiyalashda keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish borasida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligi, ularning eng zamonaviy bozor normalariga to’liq va aniq javob berishi alohida ahamiyatga ega. Buning samarasi bugungi kunda mamlaktimiz iqtisodiyotida chuqur tarkibiy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va sanoat hamda yetakchi tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish zamirida namoyon bo`lmoqda. Qolaversa, bu islohotlarni amalga oshirish zamirida inson huquq va manfaatlarini ta'minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratib berish, ma'rifatli yosh avlodni tarbiyalash, amalga oshirib kelinayotgan keng ko`lamli iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning muhim shartidir. Zeroki, Prezidentimiz I.A.Karimov “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun”[1] degan so`zlarini hech qachon yoddan chiqarmasligimiz kerak. 

Iqtisodiyotini modernizatsiyalash va tubdan isloh etishda makroiqtisodiyot yalpi ishlab chiqarishining  barqaror o`sishini, resurslarning to`liq bandliligini, inflyatsiyaning past sur'atlarini va to`lov balansining muvozanatini ta'minlash nuqtai nazaridan mamlakat iqtisodiyotini bir butun holda tadqiq qiladi va uni makroiqtisodiy tartibga solishning iqtisodiy mexanizmlarini o`rganadi[2].

O`zbekiston iqtisodiyotini isloh etish, diversifikatsiya va modernizatsiyalashda makroiqtisodiyotning roli muhim ahamiyat kasb etishi barchamizga ma’lum. Chunki, makroiqtisodiyot keng doiradagi yondashuvlarni o`zida qamrab oladi va iqtisodiyotni bir butun holda tadbiq etadi. Bunda asosan davlatning makroiqtisodiy siyosati quyidagi to`rt maqsadni qamrab oladi: 1) yuqori va barqaror iqtisodiy o`sish, 2) ishsizlikning past darajasi, 3) inflyatsiyaning past darajasi, 4) to`lov balansi defitsiti va ayirboshlash ko`rsatkichining yuqori tebranishlaridan qochish[3].  Ushbu maqsadlar mamlakat iqtisodiyotini isloh etish va modernizatsiyalashda muhim ahamiyat kasb etgan holda O`zbekiston  iqtisodiyotini isloh etishda makroiqtisodiyotning rolini belgilab beradi. Buning uchun eng avvalo investitsiya iqlimi va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, ishlab chiqarishlarni texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash va infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga mavjud zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar qilishni ta’minlaydigan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalashning qabul qilingan strategiyasini amalga oshirish ishlarining natijalarini har tomonlama o`rganish ahamiyatlidir.

Mamlakat miqyosida iqtisodiyotni to`g`ri tartibga solish o`z navbatida jadal rivojlanishning tamoyili hamdir. Agar iqtisodiy islohotlar hozirgi davr holatidan kelib chiqqan holda amalga tadbiq etilsa bu mamlakat uchun yuqori natijalarga erishishga asos bo`lib xizmat qiladi. Misol tariqasida shuni keltirishimiz mumkinki, mamlakatimizdagi iqtisodiyotning to`g`ri yo`nalishda olib borilishi va tartibga solinishi respublikamiz uchun katta yutuqlar keltirmoda. Xususan, jahon iqtisodiyoti rivojlanishida muammolar va xavf-xatar mavjudligiga qaramay, o`tgan yillar mobaynida mamlakatimizda iqtisodiy dasturlarning eng muhim vazifalari va ustuvorliklarini izchil va maqsadga yo`naltirilgan tarzda amalga oshirilishi tufayli O`zbekistonda iqtisodiy o`sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolish, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni yanada chuqurlashtirish ta’minlanayotganligi qayd etildi.

 1-jadval 

2008-2015 yillarda erishilgan asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlar

Ko`rsatkich 2008 2009 2010 2011 2012 2013 2014 2015
Yalpi ichki mahsulot 9,0 8,1 8,5 8,3 8,2 8,0 8,1 8.0

Sanoat ishlab chiqarishi

12,7 9,0 8,3 6,3 7,7 8,8 8,3 8
Qishloq xo`jaligi mahsulotlari yetishtirish 4,5 5,7 6,8 6,6 7,0 6,8 6,9 7

Chakana savdo aylanmasi

7,2 16,6 14,7 16,4 13,9 14,8 14,3 15
Davlat byudjetining bajarilishi +1,5 +0,2 +0,3 +0,4 +0,4 +0,3 +1,0 +0,1

Inflyatsiya darajasi

7,8 7,4 7,3 7,6 7,0 6,8 6,1 5,6
Aholiga pullik xizmatlar ko`rsatish 21,3 12,9 13,4 16,1 14,2 13,5 15,7 10,8

Manba: O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi ma’lumotlari

       O`tgan yilning birinchi choragida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8.0 foizga o`sdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 8,0 foizga, qishloq xo`jaligi mahsulotlari yetishtirish 7.0 foizga ko`paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi (1-jadval).

      Mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o`zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz haqiqatdir. Rivojlanayotgan va o`tish iqtisodiyotidagi mamlakatlar qatori O`zbekistonda ham xorijiy investisiyalarni iqtisodiyotga jalb etish zaruriyatining mavjudligi, iqtisodiy islohotlarning samarali amalga oshirilishida muhim unsurlardan hisoblanadi. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida investitsion va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g‘risida” 2014-yil 7-aprelda qabul qilingan Farmonida nazarda tutilgan qo`shimcha dasturiy chora-tadbirlarni amalda bajarish, shu jumladan, yangi imtiyozlar va preferensiyalarning keng doirasi, har xil litsenziya va ruxsat beruvchi tartib-taomillarning muddatlarini tubdan qisqartirish, soddalashtirish va arzonlashtirish xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesni yuritish, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash borasida keng ishlar amalga oshirilishi, mamlakatimizda iqtisodiy-islohotlarning to`g’ri yo`nalishda olib borilayotganligidan dalolatdir.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida  mamlakatimizga, 2015-yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etildi va o`zlashtirildi. Bu 2014-yilga nisbatan 9,5 foiz ko`p demakdir. Jami investitsiyalarning 3 milliard 300 million dollardan ziyodi yoki 21 foizdan ortig‘i xorijiy investitsiyalar bo`lib, shuning 73 foizi to`g‘ridan-to`g‘ri chet el investitsiyalaridir[4].

Bizga ma’lumki  O`zbekiston amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, unga keng iqtisodiy  erkinlik berish bilan tavsiflanadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda aynan ushbu sohaga katta e’tibor qaratilishi respublikamizning makrodarajadagi iqtisodiyotini takomillashtirish orqali amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari oldiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko`rsatish bilan bog‘liq tartib-qoidalarni yanada takomillashtirish bo`yicha Prezidentning 2014-yil 15-apreldagi PQ-2164-son Qarori talablari so`zsiz bajarilishini ta’minlashga doir aniq vazifalar qo`yilgan. Litsenziya va ruxsat berish tartib-tamoyillarining elektron shakllariga o`tishni jadallashtirish, shuningdek, ularning sonini va hujjatlarni berish muddatlarini qisqartirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Xulosa o`rnida shuni takidlash lozimki, mamlakatning rivojlanishida amalga oshirilayotgan islohotlarning naqadar ahamiyatliligi namoyon bo`ladi. Shuning uchun islohotlar mamlakatning o`ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda tadbiq etilishi va zamonaviy bozor normalarini o`zida mujassamlashtirib, hozirgi zamon talabiga to`la javob berishi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bosh maqsadi bo`lib hisoblanishi zarurdir. Buning uchun eng avvalo islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida raqobatbardoshlikni oshirish,  investitsion va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, ishlab chiqarishlarni texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash va infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga mavjud zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar qilishni ta’minlaydigan, iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalashning qabul qilingan strategiyasini amalga oshirish ishlarining natijalarini har tomonlama chuqur o`rganish iqtisodiyotni isloh etish va tarkibiy jihatdan o`zgartishda muhimligi ayni haqiqatdir.

 Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

[1] Karimov I.A. O`zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo`lida. T.: “O`zbekiston”, 1995, 119-bet.
[2] K.R. McConnell, S.L.Brue. Economics. McGRAW-HILL, INC, 2003, p: 135.
[3] John Sloman. Economics (sixth edition). Prentice Hall (Financial Times). 2006. P: 396.
[4] O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi. Toshkent, 2016.

SO'NGI YANGILIKLAR

Joomla Templates and Joomla Extensions by JoomVision.Com