Kirish
Yangilandi: 20-Nov, 2017

Olam va odam: insoniyatning dunyoga ta’siri yohud achchiq haqiqat

  Ma’lumki, insoniyat fikrlash, idrok etish, aqliy qobilyat sohibiligi bilan bir qatorda ongli mavjudot sifatida namoyon bo’ladi va boshqa jonzotlardan ajralib turadi. Vaholangki, insoniyat dunyodagi eng oliy mavjudotdir deya ta’kidlaymiz. Umuman olganda inson hayoti jumboqli falsafa. Shu o’rinda bir savol tug’iladi. Xo’sh bugungi kunda insoniyatning dunyoga ta’siri qanday bo’lmoqda, u o’zi nimani xohlaydi va nima uchun yaralgan, insoniyatning ilmiy-texnik yutuqlari qay darajada foyda keltirmoqda yoki qay yo’l sari boshlamoqda, bularning bariga javob berish juda mushkuldir. Chunki hayot o’zi murakkabliklardan iborat, bir savolga javob topdim deguningizcha boshqa bir savol paydo bo’ladi va bu savol topgan javobingizni o’zgarishiga yoki qisman tushunmovchilik paydo bo’lishiga sababchi bo’lishi mumkin. Masalan, nega insonlar bola bo‘lishlikdan zerikib, tezroq katta bo‘lishni xohlashadi. Ulg‘aygach esa yana bolalikka qaytib qolishni xohlashadi.Ular pul topish uchun sog‘liklarini yo‘qotishadi. Keyin, yana sog‘liklarini tikalash uchun pul sarflashadi.Ular bugunni qo‘yib, kelajak haqida shunchalik ko‘p hayol surishadiki, na bugun va na kelajakda yaxshi yashay olishmaydi. Ular hech qachon o‘lmaydigandek yashashadi, lekin xuddi hech qachon yashamagandek vafot etishadi. 

Insoniyat dunyodagi eng buyuk mo’jiza,  o’tmishning, bugunning va kelajakning mojizasidir. Shuning bilan barobarida Alloh taolo insoniyatga tabiatni, zaminni taqdim etdi va barcha mavjudodlar ustidan hukmron qilib yaratdi. Har bir insonga aql va idrokni berdi. Xo’sh, buning zamirida nima namoyon bo’ladi degan o’y har kimni hayolidan  o’tishi shubhasizdir. Demak insoniyat unga taqdim etilgan narsani saqlashi va asrashi kerak emasmi yoki u bularning bariga qanday munosabatda bo’lmoqda? Agar insoniyat tabiatni saqlashi va uni asrashi uchun yaralgan bo’lsa hozir shunga amal qilyaptimi? degan savollar insonni chuqur o’ylashga undaydi. Menimcha bugungi kunda insoniyatning tabiatga yetkizayotgan zarari qanchalik oshgan bo’lsa, unga ko’rsatayotgan g’amxo’rligi shunchalik kamaygan. Agar yerni 4.7 mlrd yil muqaddam paydo bo’lgan yoki shuncha yil mobaynida taraqqiy etgan deydigan bo’lsak, atigi 200 ming yil oldin paydo bo’lgan insoniyatning tabiatga, dunyoga ta’siri qanday bo’lganligini tasavvur etib ko’ringga. Bu 200 ming yil mobaynida 4.7 mlrd yillik evolutsiya insoniyat tomonidan shu qadar o’zgartirildiki buning ta’siri hayotimizning har bir jarayonida o’z aksini topgan holda ta’sirini o’tkazmoqda.

  Insoniyat tabiat qo’ynida paydo bo’ldi, ulg’aydi, hozirgi intellektual yetuklik (sivilizatsiya) darajasiga yetdi. U ana shu evolutsion rivojlanishi davomida tabiatdan asosiy yashash vositalarini oldi, uni chuqur o’zlashtirishga erishdi va o’z navbatida, unga o’z ta’sirini o’tkazib keldi. Boshqacha aytganda, o’tgan uzoq tarixiy davrlar davomida insoniyatning tabiatga, tabiatning esa inson hayotiga o’zaro ta’siri uzluksiz kuchayib bordi. Binobarin, taraqqiyot jarayonining barcha davrlarida insoniyat tarixini uning tabiat bilan o’zaro aloqalari tarixi ham deb hisoblash mumkin. Ana shu uzluksiz, tobora kuchayib borayotgan o’zaro aloqalar jarayoni jamiyat va tabiatning hozirgi holatiga olib keldi.

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan hozirgi fan-texnika inqilobi davrida jamiyat va tabiat o’rtasidagi o’zaro munosabatlar faolligi o’zining eng yuqori darajasiga yetdi. Bu bosqichda «Jamiyat - tabiat»ning o’zaro munosabatlarida jamiyatning faolligi yaqqol namoyon bo’lmoqda. Bu davrga kelib inson tomonidan yer yuzasi tabiatini keng miqyosda o’zlashtirishga erishildi. Ayniqsa, fan-texnika inqilobi davrida turli tabiiy resurslardan foydalanish sur’atlarining tinimsiz ortib borishi, tabiatga murakkab tarkibli, ko’p hollarda har taraflama zaharli sanoat va boshqa turdagi chiqindilarning tinimsiz chiqarib tashlanishi tobora «Jamiyat - tabiat» o’rtasidagi o’zaro munosabatlardagi muvozanatning buzila borishiga sabab bo’lmoqda. Bu holat insoniyat o’z oykumena (eykumena), (grekchaoikeo -yashayman, joylashaman, ya’ni yer yuzasining aholi yashaydigan, aholi istiqomat qiladigan qismi demakdir) chegaralarini tinimsiz kengaytirib bordi.

 Biz bilamizki insoniyat ehtiyojlari hech qachon cheklanmaydi va tobora ortib boradi. Shuning barobarida insoniyat o’z ehtiyojlarini qondirish, hayot sharoitini takomillashtirish va ko’lamini kengaytirish yo’lida tabiatdan juda keng miqyosda foydalishga harakat qildi va shunga erishdi. Demak insoniyat faoliyati davomi tabiatdan ko’proq resurslarni oladigan va ayni vaqtda, tabiatga ko’proq turli hil chiqindilarni tashlaydigan bo’lib qoldi. Bir o’ylab ko’ringa!? Biz yaxshilik olayotgan joyimizga o’z navbatida qanday javob qaytarmoqdamiz? Xo’sh bu alfozda davom etaversak bir kun kelib bizning bu ishlarimiz uchun tabiat ham bizni jazolamaydimi!? Shuni unitmasligimiz kerakki biz tabiatga qanday munosabatda bo’lsak, u ham bizga munosabatimizga yarasha javob qaytaradi.

Shunday qilib, insoniyatning vujudga kelishi, dunyodagi o’rni va unga ta’siri biz o’ylaganimizdan ko’ra ko’proqdir. O’z navbatida insoniyatning tabiatga ta’siri vaqt sayin oshib bormoqda. Bu jarayonda biz nima qilishimiz kerak. Avvalambor to’g’ri qaror qabul qila bilishimiz va qabul qilmoqchi bo’lgan qarorimiz bizga va atrofimizga zarar yetkazmasligi lozimligini unitmasligimiz kerak. Yoshlarimiz ongida turli hildagi zid g’oyalarni oldini olishimiz va ularning ongida tabiatga, tiriklikka, insoniyatga bo’lgan hurmatlarini uygo’ta olishimiz va uni mustahkamlash orqali kengaytirishimiz lozimdir. 

 

SO'NGI YANGILIKLAR

Joomla Templates and Joomla Extensions by JoomVision.Com