Kirish
So'nggi yangilanish: 18.08.2018

Puldan oqilona foydalanish yo’llari

Pul - dunyoning moddiy boyligi. Odamlar pul yordamida hayot uchun zarur bo’lgan u yoki bu mahsulotlar yoki xizmatlarni sotib olishadi. Ammo hamma vaqt ham odamlar o’z pullaridan to’g’ri va oqilona foydalanishadimi? Bugun biz pullar dunyosiga kichik sayohat uyushtirib, undan qanday xulosalar chiqara olishimizni ko’ramiz.

Pullardan oqilona foydalanish qoidalari:

- oilaviy budjetga aniqlik kiriting: har oy va haftada turli ehtiyojlaringizga qancha pul zarur bo’lishini hisoblab chiqib, ushbu summadan oshmaslikka harakat qiling;

- bo’sh vaqtingizni o’tkazish uchun pul ajratib qo’ying. Hordiq albatta zarur. Agar odam faqat ishlaydigan bo’lsa, u darrov charchaydigan bo’ladi va asab tizimi ham ishdan chiqadi. Shu bois pullarni hayotingizni bezaydigan narsalar uchun saqlab qo’ying. Bular sayohat, xobbi, kino, teatr, muzeylarga borish, qiziqarli kitoblar, filmlar va musiqiy disklarni sotib olish bo’lishi mumkin;

- agar oilangizda biror bir jonivor bo’lsa, unga qarash uchun ham muayyan miqdordagi pulni ajratishingizga to’g’ri keladi;

- bayram kunlari pul ko’proq sarflanadi, shuning uchun bayramlardan bir-ikki oy oldin daromadingizning muayyan qismini ularni o’tkazishga olib qo’ying;

- kutilmagan vaziyatlar uchun ham kerakli summa doim bo’lishi zarur (bu har kim uchun alohida bo’ladi);

- qarzni faqat moliyaviy muammoni o’z kuchingiz bilan hal qila olmagan taqdirdagina oling. Shekspirning "Gamlet"ida aytilganidek: "Qarzlar xo’jalik tig’ini to’mtoqlashtiradi";

- yirik xaridlarni (uy-joy, avtomobil, maishiy texnika va boshq.) oldindan rejalashtirib, ularga pul yig’ib qo’ying. Bunday xaridlar uchun mukofot puli, qo’shimcha daromad kabi qo’shimcha bonuslar to’g’ri keladi.