Kirish
So'nggi yangilanish: 16.10.2018

Xarid mobaynida nimalarni bilish kerak

“9”larga uchmang!

Deyarli 70% mahsulotlar narxining oxirgi raqamlarida “9000”, “900”, “90” ni ko’rishimiz mumkin. Bundan maqsad inson psixologiyasiga ta'sir o’tkazishdir. Aytaylik, siz  xarid qilmoqchi bo’lgan narsangiz narxi 3990 so’m. Siz bu summani 3000 dan sal ko’proq deya tasavvur qilasiz. Vaholanki, bu mahsulot narxi atigi 10 so’m kam 4000 so’mdir.

Kassa yonida hushyor bo’ling

Kassa yonidagi bir-biridan rang-barang, “ko’zni o’ynatuvchi”  narsalar ham shunchaki kichik hiyladir. Siz navbat kutayotgan paytingizda beixtiyor ularga qaraysiz va “Ulardan ham olsam zarar qilmaydi” deya o’ylaysiz. Bu esa sotuv sifatini oshiradi, cho’ntagingizni esa, qo’pol qilib aytganda “quritadi”.

Aksiyalardan uzoq bo’ling

Hech qachon “Aksiya”larga qaramang, agar sizga o’sha mahsulot chindan ham  kerak bo’lmasa . Chunki, ular atay mahsulotlarning ba'zilariga sovg’alar qo’shib berishadi. Albatta sovg’a hammaga ham yoqadi, ammo arzimagan narsani deb sizga umuman kerak bo’lmagan narsani sotib olishingiz hamyoningizga “yoqmasligi” aniq.

Chekka nazar soling

Hisob-kitobdan so’ng, chekka ko’z yugurtirib chiqing. Axir sotuvchi ham odam, u ham adashishi mumkin. Yoki sizning e'tiborsizligingizdan unumli foydalanib qolishi ham mumkin.

Kerakli narsani xarid qiling

Har bitta narsani xarid qilishdan oldin o’zingizga savol bering “Chindan ham shu menga kerakmi?” “Uning uchun hamyonimni ochsam arziydimi?” deb.