Kirish
So'nggi yangilanish: 16.06.2018

Suhbatdan muvaffaqiyatli o’tish sirlari

Suhbatdan qanday qilib muvaffaqiyatli o’tish mumkin? Suhbat chog’ida o’zingizni qanday tutganingiz ma’qul? O’tkaziladigan intervyu-suhbatdan muvaffaqiyatli o’tishni istaysizmi? Quyida keltiriladigan maslahatlar sizga katta yordam beradi…

Birinchi nigoh

Yaxshi ta’surot qoldirishning eng samarali usullardan biri ko’zlar bilan muloqotga kirishishdir. Kabinetga kiriboq yerga ko’z tikdingizmi? Ko’zlar o’ngu-so’liga alanglayabdimi? Muhim savolga javob berishda, ma’noni devor yoki yerdan izlayabsizmi? Buning o’rniga kabinetga kirganda potensial rahbar bilan salomlashayotib nigohingizni unga qaratganingiz maqul. So’ngra yangi hududni o’zingizniki qilishdan qo’rqmasligingizni va unda o’zingizni qulay his qilayotganingizni ko’rsatish uchun kabinetni ko’zdan kechirib chiqishingiz mumkin.

Imo-ishora va kabinet ichra harakat

Biz ko’p hollarda, kabinetga shosha kirib, o’rindiqning bir chetiga qimtinibgina o’tiramiz va hatto qimirlashga ham qo’rqamiz. Yoki hayajondan kabinetda yoyilib o’tirib, o’zimizni ho’jayindek tutamiz - bu ham samimiy qabul qilinmaydi.

Ishonchli hatti-harakat kaliti - yangi hududni o’zlashtirishdir. Kabinetga kirib, devordagi sur’atga tikiling yoki derazadan tashqaridagi go’zal manzaraga nigoh tashlang (agar go’zal manzara bo’lsa albatta), ana undan keyin keyin o’rindiqga joylashing. Suhbatdoshingizga yaqinroq o’tirsangiz - yanada yaxshi, bu orangizdagi aloqani yaqinlashtiradi, masofani qisqartiradi. Va o’rindiqning bir chetiga noqulay emas, o’zingizga qulay holatda joylashing.

Ovozli tasir o’tkazish

Ovozingiz qaltiroq va beo’xshov chiqmasligi uchun, suhbatga borishdan oldin ushbu mashqlarni bajaring:

Chuqur nafas olib chiqarish ham ohangni qayta tiklashga yordam beradi, qoidaga ko’ra bu hayajonlanayotgan inson nafasini davomiy qiladi va tezlashtiradi;

Bo’g’ilgan ovoz paychalarini ochish uchun uch martta nafas olib chiqaring, nafas olib chiqarayotgan paytingiz bir nechta unli tovushlarni (A-E-I-O-U) ham talaffuz qiling. Intonatsiyaga e’tiborli bo’ling, yani bazi so’zlarga urg’u berib so’zlang, bu suhbatning monoton (bir hil ohangda) bo’lib qolmasligiga yordam beradi. Monoton nutq - insonni mayda gap, ezma va o’ziga ishonchsiz, quvvatsiz, kreativlikdan holi qilib ko’rsatadi va suhbatdoshni zeriktirib qo’yadi.