Kirish
So'nggi yangilanish: 17.08.2018

Bug’ular... odam jasadini yeydi

Beozor va mo’min hayvon ko’rinadigan bug’ular o’txo’r emas ekan. Kriminalistlar jinoyatni ochish va jasadni aniqlash uchun ko’pgina tajribalar o’tkazib ko’rgan. Masalan, Texas sud antropologiya tadqiqot markazi jasadning irish jarayonini kuzatish uchun quyidagi amaliyotga qo’l urdi.

2014 yilda tadqiqotchilar markaz hududidagi o’rmonchaga murdani tashlab qo’ydi. Ular o’laksaxo’rlar jasadda qanday iz qoldirishini o’rganmoqchi edi, shuning uchun jasad yoniga harakatni tasvirga tushiruvchi kamera o’rnatishdi. Kutilganidek, murda yonida tulki, quzg’un, enot, koyotlar hozir bo’ldi. Ammo bir necha oy o’tgach, kutilmagan hodisa yuz berdi.

2015 yilning yanvar oyida kamera skeletning yonida turgan yosh bug’uni tasvirga oldi. Bug’ucha og’zida inson qovurg’asini tishlab turardi. Shundan so’ng bug’ular bilan bu hol yana takrorlandi. Bug’u inson qoldig’ini yeyayotgani kuzatilgan birinchi holat edi bu. Hodisa haqidagi maqola Journal of Forensic Sciences jurnalida chop etildi.

Olimlar bug’u va boshqa o’txo’rlarga ba'zan fosfor, tuz va kalsiy kabi minerallar kerak bo’ladi, ammo qishda o’t yo’q mavsumda ularni go’shtdan olishi mumkin deb hisoblaydi.

Manba: sof.uz