Kirish
So'nggi yangilanish: 17.11.2018

Inson qancha umr ko’radi?

Inson qancha yashashi mumkinligi deyarli hammani qiziqtirsa kerak. Olimlar aniqlashicha, inson o’rta hisobda 150 yil umr ko’rishi mumkin ekan.

Agar biz turli hayvonlarning qancha yashashini tekshirsak, ular orasida o’ziga xos tafovut borligini ko’ramiz. Erkinlikda yashaydigan hasharotlar, qurt-qumursqalar bir necha soat yashaydi xolos. Fil 150-200 yil, ot 40 yil, qushlardan burgut, oqqush, to’ti 100 yilgacha, toshbaqa, timsohlar 300 yilgacha yashar ekan.

Hayvonlar umri ularning o’sish davriga qaraganda 5-8 marta ko’p. Masalan, ot 5 yil o’sadi, 30-40 yil yashaydi. It 2 yil davomida o’sadi, 10-15 yil yashaydi.

Odam 25 yoshgacha o’sib-rivojlanadi. Demak, inson o’rtacha sharoitda 150 yilgacha yashashi mumkin. Shuning uchun ham ko’p olimlar insonning 100 yoshga yetmasdan vafot etishini kasallik natijasida kelib chiqqan o’lim deb hisoblashadi.

Dunyoda uzoq umr ko’rganlar ham ancha-muncha. Aytishlaricha, Kelyusa qishlog’ida yashovchi Said Ali 195 yoshda ham o’zi mehnat qilib kun ko’rgan. Hatto ko’zoynak taqishiga ham hojat bo’lmagan.

Mana bu qiziq ma'lumotga e'tibor bering: fransiyalik Per Defurnel 120 yoshida uchinchi marta uylangan. Uchta xotinidan uchta o’g’il ko’rgan. Ajablanarlisi, o’g’illar turli asrlarda tug’ilishgan. Birinchisi XVII asrda, ikkinchisi XVIII asrda, uchinchisi XIX asrda dunyoga kelgan.

Vengriyalik er-xotin - eri Jon 172 yoshga, xotini Sara Rovel 164 yoshga kirib (1964 yilda) olamdan o’tgan. Ular vafot etgan vaqtda o’g’illari 116 yoshda bo’lgan.

Turkiyalik Fotima Edigar 1964 yilda 95 yoshida 127 yoshlik eridan egizak chaqaloq tuqqan.

Ozarbayjonlik Sherali Muslimov 168 yil yashagan.

E'tiborli jihati shundaki, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida erkaklarga nisbatan ayollar uzoqroq yashashi aniqlangan. Faqat Hindiston, Afg’oniston, Nepal, Yangi Gvineya davlatlari bundan mustano. Bu, mazkur davlatlarda ayollar huquqi toptalishi, og’ir jismoniy mehnat bilan bandligi, har tomonlama kamsitilishi, achinarli ahvoli bilan bog’liq.

Manba: "Baxtli hayot sari" kitobidan