Do'kon

O’zbekistonda yirik qiymatdagi yangi kupyuralar muomalaga chiqariladi

O’zbekiston Markaziy banki tomonidan yirik qiymatdagi kupyuralarni muomalaga chiqarish masalasini ko’rib chiqilmoqda. Bu chora Markaziy bankning 2018 yil uchun rejasida belgilangan deb xabar beradi sof.uz.

"Naqd pul muomalasini yanada takomillashtirish vazifasi doirasida banknotalar tuzilmasini optimizasiya qilish ishlarini davom ettirish ko’zda tutilgan. Milliy valyutadan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida yirik qiymatdagi kupyuralarni muomalaga chiqarish ko’zda tutilgan", - deyilgan Markaziy bank xabarida.

Markaziy bank tomonidan kichik qiymatdagi kupyuralarni yangi shakldagi 50, 100, 500 so’mlik tangalarga bosqichma-bosqich almashtirish hamda 200 so’mlik tangalarni chiqarish rejalashtirilgan.

Eslatib o’tamiz, Markaziy bank boshqaruvining tegishli qaroriga asosan 50 ming so’mlik banknotlar shu yilning 22 avgustidan muomalaga chiqarilgandi.

MBning ma'lumotlariga qaraganda, milliy valyutaning 50 ming so’m qiymatdagi banknotini muomalaga kiritish respublikada so’nggi yillarda o’rtacha ish haqi miqdorining oshib borishi hamda aholiga ish haqi, pensiya va nafaqalarni to’lashda, shuningdek naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilgan.