Do'kon

20 martdan boshlab o’zbekistonliklar Tojikistonga vizasiz borib-kelishi mumkin

2018 yilning 9-10 mart kunlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasiga tashrifi doirasida fuqarolarning o’zaro kelib ketishlari to’g’risida hukumatlararo bitim imzolangan edi. Unga ko’ra ikki davlat fuqarolari 30 kungacha vizasiz o’zaro safar qilishlari mumkinligi aytilgan edi.

O’zbekiston fuqarolari ertadan Tojikiston Respublikasiga vizasiz borib-kelishi mumkin. 2018 yilning 19 mart kuni Tojikiston parlamenti O’zbekiston bilan imzolangan «Ikki davlat fuqarolarining bir-birining hududida bo’lishi tartibi to’g’risida»gi bitimni ratifikatsiya qildi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi spikeri Shukurjon Zuhurov Tojikiston poytaxti Dushanbeda shu yilning 9 mart kuni imzolangan bitimni tarixiy hujjat deb baholadi. U Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligiga bitim ratifikatsiya qilingani va O’zbekiston fuqarolari 20 martdan boshlab Tojikistonga vizasiz kelib-ketishi mumkinligi haqida Toshkentni rasman xabardor qilish haqida topshiriq berdi.

Kelishuvga muvofiq Tojikiston va O’zbekiston fuqarolari ushbu davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz safar qilishlari mumkin. Bundan tashqari, fuqarolar uch ish kuni mobaynida to’xtagan joyida ro’yxatdan o’tishi talab qilinadi.

Manba: Sof.uz