Do'kon

O’zbekistonda ishsizlik darajasi 2019 yilning I choragida 9,4 foizni tashkil etdi

2019 yilning 1 choragida O’zbekistonda ijtimoiy faol aholiga nisbatan ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi. Bu ko’rsatkich 2018 yilning 4 choragiga nisbatan (9,3 %) 0,1 foizga ko’p, biroq o’tgan yilning mos davriga nisbatan 0,3 foizga kamroqdir, deb xabar berilmoqda O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy Telegram kanalida.

Vazirlik ma’lumotlariga qaraganda, eng yuqori ishsizlik darajasi 9,7 foiz bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg’ona viloyatlarida qayd etilgan, eng past ko’rsatkich esa Toshkent shahrida (8,0 foiz) kuzatilgan. Ishsizlik darajasi 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar orasida 15,3 foizni, shundan 15-25 yoshlilar o’rtasida 17,1 foizni, ayollar ishsizligi esa 13,0 foizni tashkil etgan.  

Mehnat resurslari miqdori mehnatga layoqatlilar sonining 183,2 ming kishiga ortgani hisobiga 18 953,8 ming aholini tashkil etdi. Bu 2018 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foizga ko’p.

Ijtimoiy faol aholi soni esa 14 767,1 mingga yetgan (2018 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foiz yuqori). Bunda rasmiy ijtimoiy sektordagi bandlik 5 412,1 ming kishini tashkil qiladi. Mazkur ko’rsatkich ijtimoiy sohada band bo’lganlar (92,2 mingga), shuningdek, patentga ega yuridik shaxs bo’lmagan tadbirkorlar (76,9 mingga) ortishi hisobiga 176,3 mingga (3,4 foizga) ko’paygan.

Norasmiy sektordagi bandlik esa o’tgan yilgi ko’rsatkich bilan bir xilda qolgan - 7 963,9 ming kishi. Bunda vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar soni (41,9 mingga) oshgani kuzatilgan, mehnat shartnomalarisiz ishlayotganlar va maxsus ruxsatnomasiz tadbirkorlik faoliyatini olib borayotganlar soni esa umumiy olganda biroz (3,6 mingga) kamaygan.

Ijtimoiy faol bo’lmgan aholi soni homiladorlik va tug’ish ta'tilidagi yoki 2 yoshgacha bo’lgan farzandlar qarovidagi ayollar (50,3 ming) ortishi hisobiga, garchi o’z xohishiga ko’ra band bo’lmagan shaxslar (8,7 mingga) biroz kamaygan bo’lsada, 4 186,8 ming kishini (1 foizga ko’paygan) tashkil etdi.  

O’rganish natijalari chet elga ishga ketganlar soni birmuncha kamayganligini (19,4 ming) va 2 365,4 ming kishini tashkil etganligini ko’rsatdi.