Do'kon

Markaziy bank: O’zbekiston Respublikasining tashqi qarzi 19,1 mlrd. dollarni tashkil qilmoqda

O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yilning I choragi uchun O’zbekiston Respublikasi to’lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi nomli ma’lumotnomasini e’lon qildi.

Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi tashqi qarzining umumiy hajmi 2019 yil boshidan 10,3 foizga yoki 1,8 mlrd. dollarga oshgan holda 2019 yilning 1 aprel holatiga 19,1 mlrd. dollarni tashkil qilgan.

Umumiy tashqi qarz davlat va xususiy sektor qarzlarini oz ichiga oladi. Malumotnomaga ko'ra, davlat tashqi qarzi jami qarzlarning 62 foizini (11,75 mlrd. dollar) tashkil qilmoqda. Xususiy sektorda bu ko’rsatkich 38 foizga teng (7,35 mlrd. dollar).

2017-2018 yillarda xususiy sektor tashqi qarzining kamayishi kuzatilgan. 2019 yilning I choragida xususiy sektor tashqi qarzi asosan tijorat banklari tomonidan qarz olishning ko’payishi hisobiga yana o’sishni boshlagan.

Ma’lumotnomada aytilishicha, 2019 yilning I choragi davomida davlat sektori tashqi qarzi 2018 yilda kuzatilgani kabi o’sish sur'atini saqlab qoldi hamda ushbu o’sish sur'atining joriy tendensiyasi yil oxirigacha saqlanib qolishi kutilyapti. Ushbu jarayon hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo’yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzdorliklarni jalb qilinishi bilan izohlanishi mumkin.

Qayd etilishicha, ushbu ma'lumotlar to’lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya bo’yicha qo’llanmaning oltinchi nashriga muvofiq tayyorlangan.